“Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko`rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Qarori (PQ-183-son, 21.05.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, quyidagilar bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi sohasini rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi, jumladan:
2030 yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish;
gemopoetik o`zak hujayralari va suyak ko`migi hujayralarini transplantasiya qilishni rivojlantirish;
bemor bolalarni zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta`minlash.
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazini Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi
(Markaz) etib qayta nomlandi.
Markaz huzurida Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sog`lomlashtirishga ko`maklashish jamg`armasi tashkil etildi.
2024 yil 1 iyuldan onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo`lgan(21 yosh ham kiradi) bemorlar belgilangan tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo`limlarida, shuningdek, ular voyaga etgunlariga qadar ushbu kasallik bo`yicha tibbiy yordam ko`rsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi.