Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yana bir yangilik. Huquqni qo`llash amaliyotida manfaatlar to`qnashuvini oldini olish va tartibga solish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi
Mazkur Qonun manfaatlar to`qnashuvi bilan bog`liq munosabatlarni to`g`ridan to`g`ri tartibga solishga qaratilgan.
Qonunda quyidagilar belgilangan:
manfaatdorlikka yo`l qo`ymaslik, mavjud manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida xabar berish, shaxsiy manfaatlarini ko`zlab boshqalarni harakat (harakatsizlikka) majburlamaslik bo`yicha xodimlarning huquq
va majburiyatlari;
Bunda manfaatlar to`qnashuvi to`g`risidagi axborotni xodimlar tomonidan oshkor etish ikki shaklda, ya`ni mavjud manfaatlar to`qnashuvi to`g`risidagi xabarnoma berish va ehtimoliy manfaatlar to`qnashuvi to`g`risidagi deklarasiya to`ldirish orqali amalga oshiriladi.
Xodimga aloqador shaxslar davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda manfaatlar to`qnashuvining oldini olish bo`yicha deklarasiya to`ldirish majburiyatlari belgilandi.
Manfaatlar to`qnashuvi bilan bog`liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilandi.
O`z navbatida, davlat tashkilotlari, ularning odob-axloq komissiyalari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va kadrlar bilan ishlash bo`linmalari manfaatlar to`qnashuvi bilan bog`liq munosabatlarni tartibga solishda ichki nazorat vazifalarini amalga oshiradi.
Manfaatlar to`qnashuvini bir qator axborot manbaalaridan aniqlash yo`li bilan amalga oshirish belgilandi. Misol uchun: tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefisiarlari) ro`yxatlaridan; “Yagona milliy mehnat tizimi” Qimmatli qog`ozlar markaziy depozitariysidan va boshqalar.
Manfaatlar to`qnashuvi vaziyatlarini tartibga solish bo`yicha bir qator choralar belgilandi. Misol uchun, kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda o`zini o`zi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish choralarini ko`rish orqali manfaatlar to`qanshuvining oldi olinadi.
Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to`qnashuvini hisobga olish reestri yuritiladi. Unda xabar berilgan, aniqlangan hamda tartibga solingan manfaatlar to`qnashuvi to`g`risidagi ma`lumotlar kiritib boriladi.
Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida xabar bermaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.
Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo`lsa besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima qo`llanilishiga sabab bo`ladi.
Shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to`qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko`rmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.
Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo`lsa, o`n baravaridan o`n besh baravarigacha miqdorda jarima qo`llanilishiga sabab bo`ladi.
Bunda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirish bilan bog`liq vazifalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, korrupsiya va manfaatlar to`qnashuviga yo`l quyilgan holda tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi hamda bitim bo`yicha barcha olingan foyda davlat daromadiga o`tkaziladi.
Qonun qabul qilingan kundan 6 oy o`tgach kuchga kiradi.






