1

Jahon andozalari: kim qanday tarbiyalaydi?

SUG'DIYONA 28.11.2016, 09:53
Teglar: Ayol, Ota-ona, Oila, Bola, Ona va bola, SUGDIYONA
Jahon andozalari:  kim qanday tarbiyalaydi?

Nemislarning bolasi undoq, yaponlarniki bundoq degan gaplarni ko`p eshitganmiz. Ayrim o`rinlarda ularning bola tarbiyalash usullariga qo`shilmasak-da, ko`pda havas qilamiz. Quyida biz jahonning qator mamlakatlari, o`zga millatlarda farzand qanday tarbiyalanishi, nimalarga asosiy e`tibor qaratilishi haqida hikoya qilamiz. Har holda, o`rgansa arziydigan jihatlar mo`l.

Gollandiya: dunyodagi eng baxtli bolalar

Bu mamlakatda farzand tug`ilishi bilanoq shaxsga aylanadi. Gollandlarda bolalarga baqirish, ayniqsa, ularni urish mumkin emas (buning uchun ota-onalik huquqidan mahrum etiladi). Bolalar erkin va jur`atli etib tarbiyalanadi. Shu sababli har qanday kichkintoy tanishu notanish kimsa (masalan, avtobus haydovchisi, sotuvchi) bilan bemalol suhbatga kirishib ketaveradi. Kattalar notanish bo`lsa-da, kichkintoy bilan hurmat yuzasidan muloqot qiladilar, uning savollariga e`tibor bilan javob beradilar. Gollandiyada bolalarning huquqi yuqori darajada himoya qilingan, ular uchun hamma sharoitlar yaratib berilgan. Ammo intizom masalasi qattiq qo`yilgan. Bolalar juda erta — kechki soat 7-8larda uyquga yotishadi. Kattalar esa soat 22-23da. O`yinchoqlar faqat bayram yoki biror kattaroq sabab tufayli olib beriladi. Yana ularga yoshligidanoq turli qonun va qoidalar yaxshilab o`rgatiladi hamda qat`iy amal qilish malakasi singdiriladi. Shu sababli gollandlar qonunni hurmat qiluvchi inson bo`lib etishadilar.

Shvesiya: «Ura, shanba! Konfet esak bo`ladi!»

Shvesiyada bolalarga jismoniy jazo berish 1979 yildan qonun tomonidan taqiqlangan. Shved ota-onalari farzandlariga erkinlik berish qatorida, ularni o`zlariga tengdek munosabatlarii tufayli jahonga mashhur. Biroq ular juda qat`iy turib talab qiladigan narsalar ham bor. Masalan, shirinliklarni cheklash. Shved kichkintoylari faqat shanba kunlari shirinlik eyishlari mumkin. Shu sababali shanba kunlari do`konlarning shirinlik sotiladigan bo`limlarida yosh bolalar ko`p bo`ladi. Bunday munosabat ular orasida kariesning ancha kamayishiga olib keldi. Bola bog`chaga borganida bog`cha opasi ham u bilan xuddi o`z tengidek muloqot qiladi. Uni kichkina deb kamsitish, erkinligini cheklash umuman mumkinmas. Doim yosh bolaning fikrini tinglashadi. U bilan hisoblashishadi. Bundan tashqari, bog`chadayoq bolalar pichoq va sanchqi bilan ovqatlanishadi.

Italiya: oilaviy qadriyatlar har narsadan ustun!

Bu erda yosh bola oilaning  diqqati markazida bo`lib, barcha uning atrofida aylanadi go`yo. Ota-ona u bilan  u bilan yoki u haqda ko`p suhbatlashishadi. Maktablarda bolaning murg`ak ruhiyatiga zarar etkazmaslik uchun uzoq vaqtgacha baho qo`yilmaydi. Uyda esa bolaga umuman ish buyurilmaydi. Qiz bolalar-ku u-bu ro`zg`or ishlariga qarashib turishlari mumkin, ammo o`g`il bolalar umuman hech ish qilishmaydi. Oilada farzand tarbiyasida ona asosiy rol o`ynaydi. U xuddi ona tovuq jo`jalarini qanotlari ostida saqlagandek, bolalarini bir dasturxon atrofida jam qilib o`tirishni yaxshi ko`radi. Shu sababli Italiyada boshqa Evropa mamlakatlaridan farqli ravishda o`g`illar yoshi o`ttizdan oshsa ham, onasi bilan yashaydi. Italiyaliklar oilaviy mehmondorchilikni yaxshi ko`rishadi: bugun biz siznikiga mehmonga boramiz, ertaga javoban siz biznikiga, indinga hammamiz falonchinikiga.

Qozog`iston: to`ng`ichlar buviyu bobolar tarbiyasida

Qozoqlarda to`ng`ich farzandni buvi va boboning tarbiyasiga berish odati bor. Bola 13-14 yoshgacha, ba`zan esa bir umr ular bilan yashab qolishi mumkin. Kun kelib, u oilasiga qaytganida, o`zining to`ng`ichligini his qiladi, uka va singillariga tirgak, himoyachi bo`ladi. Shuningdek, to`ng`ichlarga oilada ko`proq huquq va imtiyozlar beriladi. Chunki buvisi va bobosi uni shunday ruhda tarbiyalashgan. Xo`sh, bu an`ana bolalarni baxtli qiladimi? Bu borada qozoqlarning o`zi yakdil emas. Agar tarbiya mehr-muhabbat asosiga qurilsa, ha, bordi-yu shunchaki katta avlodning kichiklar ustidan cheksiz hukmronligi ustiga qurilsa, yo`q.

Birlashgan arab amirliklari: katta avlodga hurmat

Arablarda oilada o`rtacha 10tadan farzand bor. Bu, albatta, yaxshi. Bunday katta oilada tarbiya ko`rgan bola aka-ukalariyu opa-singillariga mehr-oqibatli, oilaviy an`analarga sadoqatli bo`lib ulg`ayadi. Arab oilalarida katta avlodga hurmat va ehtirom ko`rsatish yuqori darajada. Kattalarga nisbatan ovoz ko`tarilmaydi, ko`ziga tik qaralmaydi, gap qaytarilmaydi. Erkaklar yoshi qirqqa chiqsa ham, onasining ovozini eshitgan joyida tek qotadi. Bola tarbiyasida qat`iy uslublarning o`zi yo`q, faqat bitta shior bor: «Bola – poshsho!» Bolalarga hamma narsa mumkin: ular yangi ta`mirdan chiqqan uyning devorlariga rasm chizishlari, yarim kechagacha uxlamay yurishlari, istagan narsalarini eb-ichishlari mumkin. Kichkinagina qizchalarga ham olmos ko`zli oltin taqinchoqlar taqib qo`yishadi. Kiyimlarni aytmaysizmi, daryodek oshib-toshib yotibdi. Ikki yashar qizcha ham quloqlari orqasiga atir surtmay ko`chaga chiqmaydi, polvonlar esa juda yoshlikdan mashina haydashni o`rganib olishadi. Xullas, pulning ko`pligi tarbiyaga ham o`z ta`sirini o`tkazayapti. Lekin baribir qizlar va o`g`il bolalar tarbiyasida ma`lum an`analar bor. Qizlarni yoshlikdan boshiga ro`mol o`rab, nazokatli bo`lishga, o`g`il bolalarni esa mardlik, jasorat va mas`uliyatga o`rgatishadi.

Buyuk Britaniya: sport – tarbiyaning majburiy qismi!

Inglizlar bola tug`ilgan kundanoq uni jamoat orasiga olib kirishadi. Bu erda do`konlarga, kafelarga va boshqa jamoat joylariga ham yangi tug`ilgan chaqaloq bilan borish urf bo`lgan. Juda kichkinaligidan bolalarni suzishga o`rgatishadi. Yana inglizlar o`zlarining ham, farzandlarining ham sochini hech qachon fenda quritishmaydi, hatto ko`chada bor-yo`g`i +50S bo`lsa ham. Endi yurishni o`rgangan go`dak ko`chada yalangoyoq chopqillashi, kun sal ilishi bilan darrov shortik va maykalarga o`tib olishi mumkin. Xullas, inglizlarning o`ziga xos chiniqtirish uslubi bor. Oilada bolaga qarash grafigi ishlab chiqilgan: onalar kunduzi, otalar kechqurun ishdan keyin bola boqishadi. Dam olish kunlari esa kichkintoylar buvi va bobosinikiga jo`natiladi. Axir ota-onaning ham shaxsiy vaqti bo`lishi kerak-ku! Maktablarda juda erkin muhit, o`qituvchilar bolalar bilan teng turib muloqot qiladilar, majburlab doskaga chiqarmaydilar, bola o`zi istasagina o`qituvchining savoliga qo`l ko`tarib javob beradi. Iliq kunlarda ko`pincha darslar xiyobonlarda, bog`larda o`tkaziladi. Har bir maktabning o`z futbol, kriket maydonlari, tennis kortlari bor.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1