Shimoliy Koreya ilk bor rasman Rossiya uchun Ukrainaga qarshi jang qilish uchun o‘z askarlarini yuborganini tasdiqladi.
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Davlat axborot agentligi (KCNA) tarqatgan xabarga ko‘ra, Pxenyan armiyasi yetakchi Kim Chen Inning buyrug‘i asosida Rossiya kuchlariga Kursk chegaraoldi hududini "to‘liq ozod etishda" yordam bergan.
Pxenyanning ushbu bayonoti Rossiya Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovning Shimoliy Koreya askarlarining "qahramonligini" maqtab gapirganidan bir necha kun o‘tgach e’lon qilindi. Bu Moskva tomonidan ularning ishtirokini ilk bor ochiq tasdiqlash hisoblanadi.
G‘arb rasmiylari avvalroq BBC ga ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreyadan yuborilgan 11 ming askardan kamida 1 000 nafari uch oy ichida halok bo‘lgan.
Gerasimov, shuningdek, Moskva mamlakatning g‘arbiy qismidagi Kursk viloyati ustidan to‘liq nazoratni qayta tiklaganini iddao qildi, ammo bu ma’lumot Ukraina tomonidan rad etildi.
AQSH rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya endilikda urushni davom ettirish uchun mas’uliyatni o‘ziga olishi lozim.
Janubiy Koreya va G‘arb razvedka xizmatlari bir necha oy avval Pxenyan o‘tgan yili Kurskka minglab askar yuborganini xabar qilgan edi. KCNA’ning ta’kidlashicha, askarlarni yuborish qarori Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa shartnomasiga muvofiq qabul qilingan.
"Adolat uchun kurashgan har bir askar qahramon va ona vatani sharafining vakilidir", — degan Kim Chen In, KCNA xabariga ko‘ra.
Shuningdek, Shimoliy Koreya va Rossiya Kurskda "ittifoq va birodarlik"ni namoyon qilgani, "qon bilan mustahkamlangan do‘stlik" esa har tomonlama munosabatlarni kengaytirishga katta hissa qo‘shishi qayd etildi.
KCNA ma’lumotiga ko‘ra, Pxenyan kelajakda ham Rossiya armiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Bundan tashqari, KCNA Kurskdagi missiya tugagandan keyin Shimoliy Koreya askarlari qanday taqdir kutyotgani va ular vataniga qaytadimi-yo‘qmi, bu haqda ma’lumot bermadi.
Shimoliy Koreya askarlarining Rossiya safida urushda qatnashgani haqidagi xabarlar ilk bor o‘tgan oktyabrda tarqalgan edi. Biroq Rossiya tomoni har doimgidek buni inkor qilgan edi. Bu Kim Chen In va Vladimir Putin o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanganidan so‘ng yuzaga keldi. O‘sha paytda ikki yetakchi "tahdid holatida bir-birini qo‘llab-quvvatlash" haqida kelishuv imzolagan edi.
Harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyadan yuborilgan askarlar asosan "Bo‘ron korpusi" (Storm Corps) deb ataluvchi "elita" bo‘linmalaridan bo‘lsa-da, ular zamonaviy urush talablariga tayyor emas.
"Bu askarlar yetarli darajada tayyorgarlikka ega emas va ularni boshqaruvchi rus zobitlarining buyruqlarini ham yaxshi tushunmaydi", — degan edi Britaniya armiyasi sobiq tank komandiri polkovnik Hamish de Bretton-Gordon yil boshida.
Shunga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondoni general Aleksandr Sirskiy avvalroq shimoliy koreyalik askarlar frontda ukrain jangchilari uchun jiddiy muammo tug‘dirayotganini qayd etgan edi.
"Ular juda ko‘p sonli. Ular safida 11–12 mingga yaqin yuqori motivatsiyaga va tayyorgarlikka ega askarlar bor. Ular hujum taktikalarini amalga oshirishyapti va asosan sovet davri uslubida harakat qilishmoqda. Ular son jihatjan ko‘pchilik ekanligiga tayanishadi", — degan edi general Ukrainadagi TSN Tyzhden dasturiga bergan intervyusida.
Abdulloh Sayyid