Yevropa Ittifoqi AQShdan olib kiriladigan avtomobil va samolyotlar hamda boshqa turli mahsulotlarga umumiy qiymati 95 milliard yevroga teng bojlarni joriy etishi mumkin. Bu haqda “Yevrokomissiya” ma’lum qildi.
Ro‘yxatda avtomobil va samolyotlardan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, xomashyo va sanoat uskunalari ham bor. Jumladan, kurka, losos, “brussel” karami, xom neft, ko‘mir, stomatologik asbob-uskunalar, hatto pariklar uchun inson sochi va “prezervativlar” ham boj ostiga tushishi mumkin.
Brusselda joylashgan Yevroittifoq rasmiysining ta’kidlashicha, ro‘yxatga faqat muqobil yetkazib beruvchilari mavjud mahsulotlar kiritilgan. Masalan, dorilar bu ro‘yxatga qo‘shilmagan. Endi bu taklif Yevroittifoqqa a’zo 27 davlat tomonidan muhokama qilinadi va ko‘pchilikning roziligi bilan tasdiqlanishi mumkin.
Shu bilan birga, “Yevrokomissiya” AQSh prezidenti Donald Trampning bojxona siyosatiga qarshi Jahon savdo tashkilotiga rasmiy shikoyat arizasi topshirganini ham e’lon qildi.