Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida voyaga yetmagan o‘g‘il bola bir qizning oyog‘iga bosh urgan holda uzr so‘ragani aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lumotda keltirilishicha, holat 2024 yilning aprel oyida Paxtachi tumanidagi 21-sonli maktab o‘quvchisi X.T.ning shu maktab o‘quvchisi E.Ya.ni haqoratlagani ortidan yuzaga kelgan. Voqeadan xabardor bo‘lgan maktab direktorining o‘rinbosari, sinf rahbari va maktab psixologi o‘quvchi X.T ning onasining roziligi bilan uni va uning opasini o‘quvchi E.Ya.ning uyiga uzr so‘rash uchun olib borgan.
Videolavhadagi holat o‘quvchi E.Ya. ning onasi fuqaro S.D. tomonidan o‘quvchi X.T. ning uzr so‘rash jarayonidan tasvirga olingan. Mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqaro S.D.ga nisbatan tegishli ma’muriy jazo chorasi qo‘llangan.
Shuningdek, Paxtachi tumani 21-maktab direktorining tegishli buyrug‘i bilan voqea ishtirokchilari – direktor o‘rinbosari S. D., sinf rahbari V.S. va maktab psixologi E.R.ga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llangan, deyiladi xabarda.