AQSH prezidenti Donald Tramp, o‘zining avvalgi izohlariga qaramasdan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrimdan voz kechishga tayyor, deb hisoblayotganini aytdi.
Tramp, Nyu-Jersi aeroportida yakshanba kuni jurnalistlar bilan o‘tkazilgan suhbatda, “Zelenskiy Qrimni "berishga" tayyormi”, degan savolga: "Ha, men shunday o‘ylayman", deb javob berdi. Eslatib o‘tamiz, 1 kun avval Tramp Vatikanda, Rim Papasining dafn marosimida, Zelenskiy bilan bevosita uchrashib, 15 daqiqacha suhbatlashdi.
Zelenskiy o‘tgan haftada AQSHning Rossiyaning Qrimni anneksiya qilinishini tan olishini Ukraina qabul qila olmasligini ta’kidlagan, bunga javoban Tramp uni "muzokaralarga tayyor emaslik"da ayblagan edi. Juma kuni Zelenskiy Qrim "ukrain xalqining mulki" ekanini qat’iy ta’kidladi. U Trampning so‘nggi izohlariga darhol javob qaytarmadi.
Juma kuni Reuters nashri e’lon qilgan ikki xil tinchlik rejalariga ko‘ra, AQSH Rossiyaning egallab olgan hududlarini, jumladan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Qrim yarim orolini saqlab qolishni taklif qilmoqda.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius yakshanba kuni AQSHning Ukrainaga o‘z hududlarining bir qismini Rossiyaga berish taklifini "deyarli taslim bo‘lish"ga tenglashtirdi. ARD telekanaliga bergan intervyusida u Kiyev tinchlik kelishuvi muayyan hududiy imtiyozlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bilganini aytdi.
Ammo u qo‘shimcha qildi: "Bu imtiyozlar so‘nggi [Trampning] taklifidagidek chuqur bo‘lmaydi. Ukraina bunday shartlarni bir yil oldin ham qabul qilmagan bo‘lardi. Bu taslim bo‘lishga o‘xshaydi. Men bundan hech qanday foyda ko‘rmayapman."
Qrim masalasidagi izohlariga qaramasdan, AQSH prezidenti yakshanba kuni Zelenskiyga nisbatan yangi bir hamdardlik tuyg‘usi bilan gapirdi va uni "o‘z mamlakati uchun yaxshilik qilishni xohlayotgan va qattiq mehnat qilayotgan" inson sifatida tasvirladi.
Tramp shuningdek, Zelenskiy bilan suhbatidan so‘ng, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Trampning tinchlik elchisi Stiv Uitkoff o‘rtasidagi muzokaralardan keyin ham Rossiya Ukrainaga bomba yog‘dirganidan "hayrat va qattiq xafalik" his qilganini aytdi. "Rossiya tomonidan raketalar uchirilganini ko‘rib qattiq ranjidim," dedi u.
Tramp Zelenskiy unga "yana qurol-yarog‘ kerak" deb aytganini qayd etdi va "Lekin u buni uch yildan beri aytib kelyapti”, deya qo‘shimcha qildi.
Putindan nima qilishini xohlaysiz, degan savolga Tramp: "Men uni o‘q uzishni to‘xtatishini va kelishuvni imzolab, bu ishni tugatishini xohlayman," dedi. U "kelishuv doirasi" shakllanganini bildirib, Putindan uni imzolashni talab qildi.
"Putinga ishonasizmi?" degan savolga Tramp: "Bu haqda ikki hafta ichida ma’lum qilaman," deb javob berdi. Qo‘shimcha savollarga u aniq javob berishdan bosh tortdi: "Ikki hafta yoki undan kamroq vaqtda," dedi u umumiy qilib. "Bilib qo‘ying, ular haftasiga 3–4 ming odamini yo‘qotyapti."
Tramp Zelenskiy bilan Vatikandagi yuzma-yuz uchrashuv ularning munosabatlarini yaxshilaganini ta’kidladi: "Ular bilan munosabatlar hech qachon yomon bo‘lmagan. Bizda biroz bahs bo‘lgan edi, chunki men uning ayrim gaplariga qo‘shilmaganman. Ammo kameralar yoqilgan edi va bu men uchun normal holat edi."
"U juda og‘ir vaziyatda, juda og‘ir. U o‘zidan ancha katta kuchga qarshi kurashmoqda," dedi Tramp va o‘zining doimiy ravishda noto‘g‘ri da’vo qiladigan iddaosini yana takrorladi: go‘yoki AQSH Ukrainaga uni himoya qilish uchun 350 milliard dollar ajratgan ekan.
Vatikanda uchrashgan Zelenskiy haqida Tramp shunday dedi: "Undan sokinlikni hich qildim. Menimcha, u vaziyatni yaxshiroq tushuna boshladi va kelishuvga intilayapti."
Shuningdek, Tramp Xitoy bilan savdo muzokaralari haqida "biroz taraqqiyot" borligini iddao qildi, garchi xitoylik rasmiylar hech qanday muzokara o‘tkazilayotmaganini aytgan bo‘lsa ham. "Ular kelishuvni xohlayapti, bu ayon," dedi Tramp. "Hozir ular biz bilan hech qanday savdo qilmayapti. Bu ularning aybi emas, mening siyosatim natijasi. Chunki 145 foizlik boj bilan biznes qilish mumkin emas. Lekin tez orada qandaydir o‘zgarish bo‘ladi”, dedi AQSH prezidenti.
Abdulloh Sayyid