Eron deputati Isroilni portlashda aloqadorlikda aybladi, yong‘inlar hanuz davom etmoqda.
Eronning Bandari Abbos portida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 40 nafarga yetgani, jarohatlanganlar esa 1000 nafardan oshgani xabar qilindi. Portlash sabablari hali aniqlanmagan bo‘lsa-da, Eron parlamenti a’zosi Muhammad Siroj bu fojiada Isroilni ayblab, konteynerlarga portlovchi moddalar joylashtirilganini iddao qildi.
The Times of Israel nashrining yozishicha, deputat mazkur da’volarini isbotlaydigan dalillar keltirmagan.
Sirojning aytishicha, portlovchi moddalar yuk manbasida yoki tashish yo‘lida konteynerlarga joylashtirilgan bo‘lishi mumkin. Portlash kamida to‘rtta nuqtada sodir bo‘lgan.
Isroil rasmiylari bu ayblovlarni rad etdi va portlashga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Isroil rahbariyati hozircha rasman izoh bermagan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon jarohatlanganlarni shifoxonada ziyorat qildi va voqea joyini aylanib chiqdi. Viloyat hokimi uch kunlik motam e’lon qildi.
Portlash portining Shahid Rajei qismidan boshlangan bo‘lib, bir necha kilometr radiusdagi binolarning oynalari singan, konteynerlar va tovarlar katta zarar ko‘rgan.
Hanuz portda yong‘in to‘liq o‘chirilmagan, qutqaruvchilar vayrona ostida qolgan jasadlarni izlashni davom ettirmoqda.
Port rasmiylari portlash xavfli kimyoviy moddalar saqlangan omborxonada boshlangan yong‘in oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini bildirishdi. Ayrim manbalar portlashni raketa yonilg‘isidagi natriy perxlorat moddasi bilan bog‘ladi. Ammo Eron Mudofaa vazirligi bu ma’lumotlarni rad etdi va harbiy yuk saqlanganini inkor etdi. Shunday bo‘lsada, portlash paytida ko‘tarilgan qizg‘ish tusli tutun portlashda kimyoviy moddalar ishtirok etganini ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Bu holat 2020 yildagi Beyrut portlashini eslatadi.
Abdulloh Sayyid