AsosiyJamiyat

Nomaqbul bayonot beradigan chet ellik fuqarolarning O`zbekistonga kirishi taqiqlanadi

'Nomaqbul bayonot beradigan chet ellik fuqarolarning O`zbekistonga kirishi taqiqlanadi'ning rasmi

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari “O`zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning huquqiy holati to`g`risida”gi qonunga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi qonun loyihasi ishlab chiqdi.

Qonunchilik palatasi axborotiga ko`ra, bunga – O`zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar belgilash zarurati sabab bo`lgan.

Loyiha bilan Qozog`iston, Ozarbayjon, Rossiya, Polsha, Belarus, XXR kabi davlatlar tajribasidan kelib chiqib, qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda:

Birinchidan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning O`zbekiston Respublikasida bo`lishini nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda.

Mazkur shaxslar tomonidan quyidagi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni O`zbekiston Respublikasida bo`lishi nomaqbul deb topish uchun asos bo`ladi:

– O`zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo`lgan; davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi; O`zbekiston xalqining sha`nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi.

Ikkinchidan, mamlakatda bo`lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga 5 yil davomida quyidagilar taqiqlanadi:

– O`zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko`chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.

Uchinchidan, O`zbekistonda vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki vaqtincha turgan fuqaroligi bo`lmagan shaxsning mamlakatda bo`lishi nomaqbul deb topilishi uning O`zbekiston hududida qonuniy asoslarda yashash va bo`lish huquqini bekor qilishga hamda mazkur shaxs deportasiya qilishga sabab bo`ladi.

To`rtinchidan, qonun loyihasida mamlakatda bo`lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportasiya qilish asoslari va tartibi nazarda tutilgan.

Xususan, shaxs mamlakatda bo`lishi nomaqbul deb topilganligi to`g`risida Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan e`tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O`zbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportasiya qilinadi, ya`ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

“Qonun loyihasi O`zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O`zbekiston xalqining sha`ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta`minlashga qaratilgan”, – deyiladi rasmiy relizda.

    Boshqa yangiliklar