1

O`zbekiston va Koreya Prezidentlari qo`shma biznes forumida ishtirok etdilar

Jamiyat 14.06.2024, 20:50
O`zbekiston va Koreya Prezidentlari qo`shma biznes forumida ishtirok etdilar

Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Yun Sok Yol O`zbekiston-Koreya biznes forumida ishtirok etdilar.

Koreya tomonidan tadbirda SK Group, Lotte Corporation, KOGAS, POSCO, Samsung, LG, Hyundai, KIA, Doosan, BoMI, Eksimbank, EDCF jamg`armasi, Koreya taraqqiyot banki kabi 80 dan ortiq etakchi kompaniya va bank-moliya institutlari rahbarlari qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o`z nutqida Koreya Respublikasi O`zbekistonning an`anaviy va yirik savdo, investisiya va texnologik hamkorlaridan biri ekanini ta`kidladi.

O`tgan yil yakunida 2,5 milliard dollarga etgan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar o`sgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zbekiston iqtisodiyotidagi koreys investisiyalari hajmi 7,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Bugungi oliy darajadagi muzokaralar chog`ida etakchilar savdo va investisiyalarni ko`paytirish choralarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, qo`shma loyihalarni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida kelishib oldilar.

– Biz zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldik. O`zaro munosabatlarimizda “Yuqori texnologik va innovasion hamkorlikning yangi davri” boshlanmoqda, – dedi Prezidentimiz.

O`zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xabni tashkil etish bo`yicha strategik dasturni ishlab chiqishga qaror qilindi.

Dastur o`ta muhim xomashyo resurslari, yarim o`tkazgichlar, kimyo, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo`jaligi, infratuzilma va shaharsozlik, “yashil” energetika kabi ustuvor yo`nalishlarni qamrab oladi.

Davlatimiz rahbari so`nggi yillarda Koreya Respublikasi O`zbekiston iqtisodiyoti va sanoatini modernizasiya qilishda muhim hamkorga aylanganini ta`kidladi. Bugungi kunda Koreyaning etakchi kompaniyalari va banklari bilan 5 milliard dollarlik yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

POSCO kompaniyasi bilan to`qimachilik klasteri, Eksimbank va CNT bilan ko`p tarmoqli bolalar klinikasi, Shingdong Enercom bilan kremniyni qazib olish va qayta ishlash kabi loyihalar bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol bo`ladi.

Etakchilar biznes forumi doirasida 9,6 milliard dollarlik yangi investisiya loyihalari to`plami tayyorlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari Yangi O`zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini ta`minlash, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar ortga qaytmasligini alohida ta`kidladi.

– O`zbekiston-Koreya hamkorligining salohiyati juda yuqori. Bizning iqtisodiyotlarimiz bir-birini samarali to`ldirishga qodir, – dedi Prezident.

Shu nuqtai nazardan kelgusi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari belgilab olindi.

Avvalo, strategik xomashyoni ilg`or texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash va yuqori qiymatli mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish.

Bu borada muhim qadam sifatida o`ta yupqa mis folgani birgalikda ishlab chiqarish bo`yicha bitim imzolandi. Shuningdek, O`zbekiston-Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi faoliyatini kengaytirish ham ko`zda tutilgan.

Elektrotexnika sanoatidagi sheriklik doirasida Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi yarimo`tkazgichlar klasterini barpo etish hamda elektrotexnika va texnik kremniy ishlab chiqarish bo`yicha kooperasiyani kengaytirish rejalashtirilgan.

O`zbekiston kimyo sohasida koreys biznesi bilan strategik sheriklikni rivojlantirish niyatida. “Yashil” vodorod, ammiak va kauchuk mahsulotlari ishlab chiqarish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish rejalari qo`llab-quvvatlandi.

Shuningdek, tashrif doirasida Eksimbank va KOICA ko`magida Kimyo texnologiyalari markazini tashkil etishga start berilmoqda.

Koreya kompaniyalari O`zbekistonning avtomobilsozlik sohasidagi mintaqaviy etakchiligida muhim o`rin tutishi ta`kidlandi. Masalan, KIA bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.

Prezidentimiz koreys biznesini mashinalarning yangi modellari va butlovchi qismlarini mahalliylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Qishloq xo`jaligini raqamlashtirish, agrar tarmoqqa “aqlli” texnologiyalarni joriy etish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirildi.

Shu ma`noda, mamlakatimiz hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida ishlaydigan “yashil” issiqxonalar va bog`lar yaratish bo`yicha yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O`zbekiston Koreyaning infratuzilma va shaharsozlik sohasidagi ilg`or tajribasini o`rganishdan manfaatdor. Bu borada koreys hamkorlarning davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizasiya qilishdagi ishtirokiga alohida e`tibor qaratildi.

Yurtimizga Hyundai Rotem tezyurar poezdlarini etkazib berish bo`yicha kelishuv imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Koreya moliyaviy institutlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi ta`kidlandi. Sammit doirasida ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo`yicha EDCF jamg`armasi bilan umumiy qiymati 2 milliard dollarlik hamkorlik dasturi imzolandi.

Davlatimiz rahbari koreys ishbilarmon doiralari vakillariga O`zbekiston Hukumati barcha kelishuvlarni o`z vaqtida va samarali amalga oshirishda faol qo`llab-quvvatlashini aytdi.

Shu maqsadda qo`shma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning yangi tizimi joriy etilishi e`lon qilindi.

O`z navbatida, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, o`zaro manfaatli sheriklik ko`lamini kengaytirish uchun ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1