Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining xabar berishicha, joriy yilning 20 iyun kuni Toshkent shahar IIBB ATSJQKB xodimlari tomonidan “TON” platformasi tekshirilgan.
Natijada 2005 yil Andijon viloyatida tug`ilgan M.A. ismli shaxs joriy yilning 1 iyun sanasidan 7 iyunga qadar Telegram’da “Ton spase Notcoin” bo`limi orqali hech qanday tegishli hujjatlarsiz ikki marotaba umumiy 8539 “NOT” miqdoridagi kriptovalyutani sotib olish, o`zga shaxsga o`tkazishni amalga oshirganligi aniqlangan.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga ko`ra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasida ushbu fuqaro M.A.ga hech qanday lisenziya berilmagani aniqlangan.
Mazkur holat joriy yilning 21 iyun kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudida ko`rib chiqildi. Sud hukmiga ko`ra, M.A. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 155-4-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish)ning 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va unga nisbatan 7 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida undan olingan iPhone 13 Pro Max rusumli uyali telefonining xotirasida mavjud bo`lgan barcha ma`lumotlar tegishli tartibda o`chirilgan hamda majburiy ijro organi tomonidan davlat foydasiga musodara qilinishi ma`lum qilingan.