"O`zaviasiya" agentligi va Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkiloti (ICAO) o`rtasida O`zbekiston fuqaro aviasiyasida parvozlar xavfsizligini qo`llab-quvvatlash bo`yicha 2024–2026 yillar uchun mo`ljallangan Davlat strategik harakatlar rejasi imzolandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
O`zbekiston Transport vazirligi ma`lumotiga ko`ra, "O`zaviasiya" agentligi direktori Toxir Nazarov boshchiligidagi delegasiya 2024 yil 18 iyun kuni Parij shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston fuqaro aviasiyasida parvozlar xavfsizligini qo`llab-quvvatlash bo`yicha 2024-2026 yillar uchun mo`ljallangan davlat strategik harakatlar rejasining amalga oshirilishi bo`yicha Kengashning birinchi yig`ilishida ishtirok etdi.
Yig`ilish doirasida O`zbekiston fuqaro aviasiyasida parvozlar xavfsizligini qo`llab-quvvatlash bo`yicha 2024–2026 yillar uchun mo`ljallangan Davlat strategik harakatlar rejasi (COSPA) imzolandi.
Rejaning amalga oshirilishi Fransiya aviasiya ma`muriyati (DGCA), Fransiyaning aviasiya hodisalarini tekshirish va parvozlar xavfsizligini tahlil qilish Byurosi (BEA), AQSh aviasiya ma`muriyati (FAA), AQShning transportda xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha milliy kengashi (NTSB) hamda ACI/ACI-Europe, AIRBUS va Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilishiga kelishib olindi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi ICAOga a`zo davlatlar ichida COSPA dasturidan foydalanayotgan birinchi davlat hisoblanadi.






