Denov tumanidagi savdo markazida yong`in sodir bo`ldi. Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, 25 iyun tungi soat 02:12 da Denov tumani “Bobur” mahallasida joylashgan “Bek” MChJga qarashli savdo majmuasi hududidagi 4 ta asosiy va 8 ta kichik savdo do`konlarida yong`in sodir bo`lgan va 90 kvadrat metr maydondagi buyum hamda kiyim-kechaklar yong`indan zararlangan.
Voqea joyiga Denov, Sho`rchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Qumqo`rg`on tumanlari FVBlarining 9 ta yong`in-qutqaruv ekipajlari soat 02:20 da etib borib, yong`in soat 02:30 da qurshab olingan va soat 03:50 da batamom o`chirilgan.
Yong`in qutqaruvchilarining say-harakatlari natijasida majmuaning boshqa hududlariga yong`in tarqalishining oldi olingan va 48 ta savdo do`koni hamda 500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Yong`in oqibatida tan jarohati olganlar yo`q.
Hozirda yong`in kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






