“Toshkent shahrida boks va gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini tashkil etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF–94-son, 22.06.2024 y) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vaziriligi xabar bermoqda.
Farmonga ko`ra, 2024 yil 1 sentyabrgacha:
- ixtisoslashtirilgan sport maktablari uchun maqbullashtirilgan o`quv rejalari ishlab chiqiladi.
Bunda O`zbekiston tarixi va ingliz tili fanlarining chuqurlashtirilgan holda o`qitilishiga hamda umumlashgan tabiiy fan va sport psixologiyasining zamonaviy usullarda o`rgatilishiga alohida e`tibor qaratiladi;
- ixtisoslashtirilgan sport maktablarida ikkinchi xorijiy tilni o`rgatish yo`lga qo`yiladi;
- har bir tuman va shahardan kamida 3 tadan eng namunali davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari tanlab olinib, gimnastika xonalari tashkil qilinadi.
Farmonga muvofiq, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida:
- o`quv-tarbiya jarayoni 5–11-sinflar doirasida maxsus ta`lim dasturlari bo`yicha tashkil etiladi;
- qabul jarayonlariga xalqaro va mahalliy trener-seleksionerlar jalb qilinadi;
- ta`lim jarayoni o`quvchilar soni 12 nafardan 24 nafargacha sinflarda amalga oshiriladi;
- o`quvchilarining umumiy cheklangan soni 168 nafar etib belgilanadi.
2024/2025 o`quv yilidan har yili mahalliy va xorijiy sport ustalari, trener hamda mashhur sportchilar ishtirokida mahorat darslari o`tkaziladi.
Farmonga asosan, ixtisoslashtirilgan sport maktablari o`quvchi-sportchilari O`zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida alohida jamoa sifatida to`g`ridan-to`g`ri ishtirok etadi.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan sport maktablari tizimida boks va gimnastika bo`yicha trenerlar maktabi tashkil qilinadi.
2024 yil 1 sentyabrdan ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga har oylik 100 foizgacha ustama to`lash tartibi joriy etiladi.