O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasining (YuNICEF) O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Regina Mariya Kastillo bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda YuNICEF va Agentlik o`rtasidagi joriy va istiqboldagi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.
YuNICEF Agentlik tashkil etilganidan buyon uni doimiy qo`llab-quvvatlab kelayotgani, bilim, xalqaro tajriba, texnik yordam va mutaxassislarni jalb etishdagi harakatlari ta`kidlandi. Ijtimoiy xizmatlar ko`rsatishda keys-menejment tizimini joriy etish bo`yicha muvaffaqiyatli tashabbusga, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan tadbirlar ko`lamini kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi.
O`z navbatida Regina Kastillo Agentlik faoliyati va tashkil etilganidan buyon erishgan natijalarini yuqori baholadi. Shuningdek, bolalar uchun ijtimoiy xizmatlar ko`rsatishning yaxlit tizimini yaratish muhimligi ta`kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida samarali hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga ishonch bildirdilar.






