Bugun, 27 iyul kuni poytaxtdagi 1-son shahar klinik shifoxonasida ishlovchi 2 nafar shifokor ko‘rikka kelgan bemor va uning o‘rtoqlari tomonidan kaltaklangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, soat taxminan 07:20 larda shifoxona qabul bo‘limiga Sergeli tumani, Xonobod 4-tor ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro B.I. (1997 yilda tug‘ilgan) ikki nafar hamrohlari bilan kelgan.
Bemorni navbatchi travmatolog-shifokor A.A. tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Dastlabki tekshiruv davomida unga “Ikkala qo‘l-bilak sohalari, ko‘krak qafasi va qorin oldi devorining ko‘plab kesilgan jarohatlari. Gemorragik shok 2-3-daraja“ tashxisi qo‘yilgan.
Bemorning holati og‘ir, shok holatida deya baholanib, zudlik bilan qon to‘xtatish va shokka qarshi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda qo‘shma shikastlanishlar shoshilinch bo‘limining mikroxirurgiya o‘rniga gospitalizatsiya qilingan.
Soat 07:40 da tanadagi ko‘plab kesilgan jarohatlar inobatga olinib, u darhol xirurgik amaliyot o‘tkazish maqsadida mikroxirurgiya operatsiya xonasiga olib kirilgan.
Xirurgik amaliyotga tayyorlash vaqtida bemor shifokor-mikroxirurg M.X.ga jiddiy qarshilik ko‘rsata boshlagan va tibbiyot xodimiga tarsaki tushirib, uni haqorat qilgan. Bemorni tinchlantirishga urinishlar samara bermagach, u operatsion stoldan tushib, shifokorni qattiq do‘pposlay boshlagan.
Shundan keyin shifokor ichki ishlar organlarining "102" telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan navbatchi qismga ma’lumot bergan. So‘ng, u bemorning o‘rtoqlari tomonidan ham kaltaklagan. Shu paytda operatsion blokka kelgan shoshilinch xirurgiya bo‘limining navbatchi shifokori H.U. ham do‘pposlangan. Oqibatda shifokor hushidan ketib, karaxtlik-koma holatiga tushgan va zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
SSVga ko‘ra, o‘tkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlar davomida jabrlanuvchi shifokorga “Bosh-miya yopiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi o‘rta darajasi. 3-bel umurtqasi chap yon qanotining yopiq sinishi. Bosh peshona qismi terisining shilingan jarohati.O‘ng tomonlama lab burchagining yorilishi” tashxisi qo‘yilib, shoshilinch reanimatsion chora-tadbirlar ko‘rilgan. O‘tkazilgan davo muolajalari natijasida soat 10:30 da bemorning holati biroz ijobiy tomonga o‘zgarib, hushiga kelgan va shok holatidan chiqarilgan. Ammo unda hali ham karaxtlik mavjud. Shu bois davo muolajalari jonlantirish bo‘limida davom ettirilmoqda.
Ikkinchi shifokor M.X.ning holati hozir nisbatan qoniqarli, lekin olgan bosh miya jarohati va ruhiy holati keskin yomonlashgani inobatga olinib, shifoxonaning qo‘shma jarohatlar bo‘limi travmatologiya qismiga gospitalizatsiya qilingan va kerakli tibbiy muolajalar ko‘rsatilyapti.
Ushbu holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.