Bu innovatsion ishlanma tibbiy amaliyotda katta yangilik bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda SSV Matbuot xizmati.
Masalan, miya tomirlarining zaiflashishi va kengayishi natijasida yuzaga keladigan anevrizma og‘ir va alomatsiz kechuvchi xastalik hisoblanadi. Bu patologiya shifoxonaga yotqizilgunga qadar bemorlarning 50 foizini hayotdan olib ketadi. Dunyo bo‘yicha mazkur kasallikdan yiliga 500 mingga yaqin odam hayotdan ko‘z yumishining boisi shunda.
Shotlandiyalik olimlar neyrojarrohlik amaliyoti muqobili sifatida nanorobotlardan foydalanishni taklif qilishdi. Ular yaratgan ishlanmaning o‘lchami bor-yo‘g‘i 295 nanometr, boshqacha aytganda, inson qizil qon hujayralari hajmining yigirmadan bir qismiga teng.
Taqqoslash uchun yana boshqa misollar keltiramiz. Odatda virus o‘lchami 100 nanometr, aksariyat bakteriyalarniki esa 1000 nanometrdan iborat.
Yaratilgan mitti robot markaziga magnit joylashtirilib, atrofi anevrizma muolajasida qo‘llaniladigan trombinlar bilan qoplangan. Qurilma arteriya bo‘ylab magnit maydon yordamida harakatlantiriladi. Muayyan haroratda ular qobig‘i parchalanib, preparat miyaning zararlangan qismiga kiradi.
Hozircha innovatsion yangilik jonivorlarda tajribadan o‘tkazildi va muvaffaqiyatli natijalarni taqdim etdi. Oldinda klinik sinovlar bor. Ularning xulosalari asosida nanorobotlar tibbiy amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.