“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-330-son, 23.09.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar amalga oshiriladi:
2025 yil 1 yanvardan kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi;
2025/2026 o‘quv yilidan, kambag‘al oilalar farzandlarining davlat OTM talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi;
2025 yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan kambag‘al oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.
Shuningdek, AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB biriktirilgan rahbarlarning xulosasi asosida:
➖kambag‘al oilalarga noutbuk sotib olish uchun 5 yil muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi;
➖tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.