AsosiyDunyo

Rossiyada rus tilini bilmaydigan migrantlardan fuqarolik bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi

2024 yilning yanvaridan iyuligacha imtihondan o‘ta olmagan xorijliklar ulushi 10 barobar oshgan.

'Rossiyada rus tilini bilmaydigan migrantlardan fuqarolik bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi'ning rasmi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rus tilini bilmagan, lekin ayni paytda tegishli sertifikatga ega bo‘lgan 14 ming nafar chet el fuqarosining fuqarolik yoki migratsiya maqomi bo‘yicha arizalarini qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, endi rus tilini bilmaydigan migrantlar Rossiya fuqaroligini ololmaydi.

“Rus tilini bilmaydigan, lekin ayni paytda tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan xorijliklar migratsiya maqomi va Rossiya fuqaroligidan mahrum bo‘ladi”, dedi Volk.

Qayd etilishicha, shu munosabat bilan Rossiya Ichki ishlar vazirligi uyushgan guruhlarning, shuningdek, soxta imtihonlarni o‘tkazishga ixtisoslashgan shaxslarning noqonuniy faoliyatini aniqlash va ularga chek qo‘yish ustida ishlamoqda.

Bundan tashqari, soxta til bilish sertifikatiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari haqidagi ma’lumotlar Ta’lim va fanni nazorat qilish bo‘yicha federal xizmatga (Rosobrnadzor) yuboriladi. Ma’lum bo‘lishicha, u 2024 yil iyun oyidan buyon bunday holatlar hisobini yuritib kelmoqda. Rossiyaga migratsiya maqomi yoki fuqaroligini olish uchun kelgan chet elliklar rus tili, qonunchilik asoslari va mamlakat tarixidan imtihon topshirishi zarur bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 18 may kuni Rossiya Ta’lim va fan vazirligi rahbari Valeriy Falkov rus tilini bilish sertifikati berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida xorijliklar uchun imtihon o‘tkazishdan tijorat tuzilmalarini chetlatishni buyurgan. Aprel oyida esa bunday imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan barcha 12 ta universitet hamkorlar bilan shartnomalarni bekor qilgan.

2024 yilning yanvaridan iyuligacha imtihondan o‘ta olmagan xorijliklar ulushi 10 barobar oshgan. Rosobrnadzor, shuningdek, patent va ishlashga ruxsat olish uchun imtihonga og‘zaki tilni bilish darajasini baholashni kiritish kabi o‘zgarishlar kiritishni rejalashtirmoqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar