O‘tkazilayotgan soliq nazorati tadbirlari jarayonida ushbu fuqaro joriy yilning mart va aprel oylarida 4 ta yuridik shaxslarga 123,2 mlrd so‘mlik 357 turdagi tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilgan.
Yuridik shaxslar tomonidan mazkur xaridlar sun’iy ravishda hisobga olinadigan QQS summasini yaratish va tovarlarning kirim hujjatlarini qonuniylashtirish maqsadida amalga oshirilgan.
Bu holatda soliq qonunchiligining qaysi talablari buzilgan?
Birinchidan, agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning daromadi 100 million so‘mdan oshsa, u yakka tartibdagi tadbirkor kabi 4 foiz stavkada aylanmadan olinadigan soliq (AOS) to‘laydi.
Shunday ekan mazkur o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga nisbatan AOS qo‘shimcha hisoblanadi.
Ikkinchidan, agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning daromadi 1 milliard so‘mdan oshsa, u majburiy tartibda QQS to‘lovchisi hisoblanadi va soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish hisobida turishi lozim. Demak, uning 1 milliard so‘mdan ortiq daromadidan QQS va foyda solig‘i qo‘shimcha hisoblanadi.
Uchinchidan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan tashqari olingan daromadlariga Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq solinadi.
Bu kabi holatlar aniqlanganda, tahliliy va tekshiruv materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish maqsadida taqdim etiladi.
Xulosa qilib aytganda, yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar jiddiy huquqiy va moliyaviy oqibatlarga olib kelmasligi uchun o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq yuritishlari lozim.