Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi xususiy aviakompaniyalar — «Centrum Air» va «Qanot Sharq» faoliyatiga oid holatlar yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga rasmiy so'rov yubordi.
Aniqlanishicha, mazkur aviakompaniyalar yo'lovchilar oldidagi majburiyatlarini to'liq bajarmagan va iste'molchilarning qonuniy huquqlarini buzgan holatlar qayd etilgan.
Qo'mita ma'lumotiga ko'ra, so'nggi yillarda avia qatnovlar bo'yicha tushayotgan shikoyatlar soni sezilarli oshgan. 2025 yilda 127 ta murojaat qayd etilgan bo'lsa, 2026 yilning o'tgan 4 oyida bu ko'rsatkich 145 taga yetib, 114 foizga o'sgan.
O'rganishlar davomida chiptalarning ortiqcha sotilishi, reyslarning kechikishi, ko'rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi hamda yo'lovchilarga yetarli ma'lumot berilmasligi kabi holatlar aniqlangan.
Shuningdek, "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonun, "Havo kodeksi" va "Fuqarolik kodeksi" talablari bir qator holatlarda buzilgani qayd etilgan.
Yo'lovchilarning asosiy e'tirozlari orasida reyslarning bir necha soatlab kechikishi, aeroportlarda qolib ketish, band qilingan joyning berilmasligi hamda kompensatsiya to'lovlarining yetarli darajada amalga oshirilmasligi kabi muammolar bor.
Qo'mita, shuningdek, aviakompaniyalar tomonidan yo'lovchilarni kutish vaqtida oziq-ovqat, ichimlik suvi va zarur hollarda mehmonxona bilan ta'minlash kabi majburiyatlar ham to'liq bajarilmayotganini ta'kidladi.
Mazkur holatlar yuzasidan to'plangan ma'lumotlar Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan ko'rib chiqilishi va tegishli choralar belgilanishi kutilmoqda.
Raqobat qo'mitasi ushbu yo'nalishdagi o'rganishlarni davom ettirayotganini va yakuniy natijalar bo'yicha qo'shimcha axborot berilishini ma'lum qildi.






