O‘zbekistonda paxta terimiga majburlash bilan bog‘liq holatlar Senatning Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda paxta yig‘im-terimiga chiqmagan fuqarolarga nafaqa puli to‘lanmasligi, shu bilan birga maktab o‘qituvchilarini paxta yig‘im-terimi ishlariga chiqarishga majburlash bilan bog‘liq xabarlar tarqalmoqda.
“Mazkur holatlar zudlik bilan o‘rganiladi hamda mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya xabarida.
Shu kabi holatlar aniqlangan taqdirda 1282 yoki 1092 qisqa raqamlariga yoki @munosibmehnat_bot Telegram boti orqali murojaat qilish mumkinligi bildirildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday shakliga qat’iy qarshiligini, o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat ekanini bildirgan.
“Hurmatli pedagoglar, agar siz vakolatingizga kirmaydigan yumushlarga jalb qilinsangiz, zudlik bilan vazirlikning ishonch telefon raqamlari (71) 202-09-09 ga qo‘ng‘iroq qiling” deyiladi vazirlik vakili e’lon qilgan xabarda.
Qayd etilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aniqlangan har qanday noqonuniy holat yuzasidan huquq-tartibot organlari orqali, albatta, tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi.
Hukumat tomonidan 9 oktyabrdan boshlab qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 2500 so‘mdan to‘lash belgilangan.