Prezident qarori bilan turizm sohasini rivojlantirish va xalqaro brendlarni jalb qilishga qaratilgan yangi imtiyozlar, subsidiyalar va rag‘batlantirish mexanizmlari tasdiqlandi. Ular turlar oqimini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va investitsiyalarni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.
2026 yil 1 martdan e’tiboran Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobiga turistik startaplar xarajatlarining 50 foizini, bir milliard so‘mdan oshmagan miqdorda, eng yaxshi 10 ta loyihaga subsidiya sifatida taqdim etish ko‘zda tutilmogda.
Mehmonxonalarning “yashil” sertifikatlarini olish xarajatlarining ham 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi.
Shu bilan birga, MISE tadbirlari orqali kamida 100 nafar chet ellik mehmonni jalb qilgan tadbirkorlar uchun QQSning 50 foizi qaytariladi.
2027 yildan e’tiboran turizm subyektlari import qilgan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi, Qoraqalpog‘istonda ekstremal turizm transportlari uchun boj va utilizatsiya yig‘imi 25 foizda bo‘lib to‘lanishi mumkin.
2030 yilgacha “Brand Finanse” reytingidagi eng nufuzli 50 ta global brenddan biri ishtirokida mehmonxona qurilayotgan tadbirkorlar uchun uskuna va texnika importida bojxona to‘lovlari to‘liq bekor qilinadi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi xorijiy kino kompaniyalariga xarajatlarining bir qismini qaytarish (Rebate) tizimi bo‘yicha mas’ul organ etib belgilandi.
Qaror turistik investitsiyalar, yangi xizmat turlari va mamlakatning global turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.






