AsosiySiyosat

Toshkent viloyatida 2024—2026 yillarda 26 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda

Davlatimiz rahbariga umumiy qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 11 ta loyiha taqdimot qilindi.

'Toshkent viloyatida 2024—2026 yillarda 26 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda'ning rasmi

Toshkent viloyati poytaxtga yaqinligi, yurtimiz vohalari va xalqaro yo‘llarni bir-biriga bog‘lashi bilan ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Keyingi yetti yilda hududda qariyb 9,4 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 143 mingdan ortiq ish o‘rni va 5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.

Bu sur’atni davom ettirib, 2024-2026 yillar uchun jami 26 milliard dollarlik 125 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularning 21 tasi strategik, 52 tasi tarmoq, 52 tasi hudud loyihalaridir. Bu tashabbuslar natijasida 42 mingta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbariga umumiy qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 11 ta loyiha taqdimot qilindi.

Ularga Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar investitsiya kiritmoqda. To‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, geologiya, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlardagi bu loyihalarda 23 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Masalan, Xitoy investorlari bilan hamkorlikda Olmaliq shahrida “Buyuk ipak yo‘li” industrial texnoparki tashkil etiladi. U yerda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Zangiota tumanida esa Janubiy Koreya investorlari bilan birgalikda jigar, bo‘g‘im, ko‘z va miya faoliyatini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari ishlab chiqarish tashkil etiladi. U yerda 200 kishining bandligi ta’minlanadi.

Prezidentimiz investorlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, loyihalarning har bir bosqichini nazorat qilib, masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar