AsosiyJamiyat

Temuriylar davri malikasi tomonidan yozilgan Qur’on qo‘lyozmasi aniqlandi

O‘zbekistondagi xalqaro madaniy meros haftaligi doirasida bir qator  yangiliklar, kashfiyotlar ham e’lon qilinmoqda.

'Temuriylar davri malikasi tomonidan yozilgan Qur’on qo‘lyozmasi aniqlandi'ning rasmi

Jumladan, mazkur haftalikda ishtirok etayotgan turkiyalik tadqiqotchi, Istanbul universiteti professori, doktor  Emek Ushenmez ham bir qator yangi loyihilarni ilgari surdi. Shuningdek E.Ushenmez Turkiyada Amir Temur avlodidan bo‘lgan malika Shodmalik Xotun qo‘li bilan yozilgan  Qur’oni karim qo‘lyozmasi haqida ma’ruza qildi. 

“Ushbu qo‘lyozma hijriy 871, milodiy 1467 yilda ko‘chirilgan, - deydi Emek Ushenmez. - Qo‘lyozma qayerda ko‘chirilgani hozircha  ma’lum emas. U ayni paytda Istanbuldagi Turk va islom asarlari muzeyida saqlanmoqda. Qo‘lyozmaning xotimasida arab tilida  ushbu Qur’oni karim Muhammad Sulton mirzo qizi Shodmalik qo‘li bilan ko‘chirilgani aytilgan. Shuningdek, Shodmalikning otasi Muhammad Sulton, bobosi Jahongir, katta bobosi Amir Temur Ko‘ragon ekani bitilgan. 

Ma’lumki Amir Temur 1402 yilda  usmoniylar sultoni  Yildirim Boyazidga qarshi jangda to‘ng‘ich nabirasi Muhammad Sultonni ham o‘zi bilan olib boradi. Shahzoda Amir Temurning katta farzandi Jahongir Mirzoning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lgani uchun uni o‘z taxtining vorisi sifatida ko‘rardi. Biroq, Muhammad sulton Anqara jangida og‘ir yarador bo‘ladi. 1403 yilda 28 yilda Afyon-Qorahisor viloyati yaqinida vafot etadi. Shahzodaning jasadi  dastlab Sultoniyada, keyinchalik Samarqandga keltirib dafn etiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Sultondan 12 nafar farzand qolgan. Ulardan biri Davlat Sultondan dunyoga kelgan qizi Shodmalik  Sulton edi.

Ushbu Qur’oni karim nusxasidan ma’lum bo‘ladiki, Shodmalik Sulton mazkur qo‘lyozmani o‘z qo‘li bilan yozib tugallagan payti 65-70 yoshlar oralig‘ida bo‘lgan. E’tiborlisi, shu paytga qadar temuriy malikalar orasida Qur’oni karim xattotligi bilan shug‘ullangan ayollar haqida ma’lumot topilmagan. Bu qo‘lyozma nafaqat diniy-ma’rifiy, balki tarixiy nuqtayi nazardan ham muhim qo‘lyozma ekani ta’kidlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar