AsosiyJamiyat

Noyabr issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi

Kuzning so‘nggi oyi qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berildi.

'Noyabr issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi'ning rasmi

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida o‘rtacha havo harorati oktyabr oyiga nisbatan 6-7 darajaga, shimol va cho‘l hududlarda 8-9 darajaga past bo‘ladi.

Noyabr oyi kuz faslining boshidan farqli darajada havo haroratining keskin o‘zgarib turishi bilan ajralib turadi. Oyning birinchi yarmida o‘rtacha ko‘p yillik kunduzgi harorat 15-20 daraja iliqni (ba’zan 22-27 darajagacha), oyning ikkinchi yarmida esa 10-15 daraja iliqni tashkil etadi.

Bu yil noyabr oyi issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi.

Respublika bo‘yicha 1-3 noyabr kunlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 2 noyabrda Toshkent viloyatining ayrim joylarida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. 3 noyabrga kelib, kunduzi havo 20-25 daraja iliqqacha isiydi.

4 noyabrdan O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalarining kirib kelishi boshlanadi. Respublika hududlari bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi. Kunduzgi havo harorati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 10-15 daraja iliqqacha pasayadi, respublikaning qolgan hududlarida esa iliq ob-havo saqlanib turadi. 

5 noyabrdan nam va sovuq havo massalari O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi.

Sovuq harorat fonida 5-8 noyabr kunlari respublikaning barcha viloyatlarida, 9-10 noyabrda sharqiy hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi (tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi), ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

Havo harorati asta-sekin pasayadi va birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, harorat kechalari 3-8° iliqni, kunduz kunlari 7-12° iliqni tashkil etadi.

Noyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari 3-8 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat 17-20 daraja iliqqacha ko‘tarilishida iliq ob-havo davrlari kuzatilishi ehtimoli bor. 

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar