AsosiyJamiyat

O‘zbekistondagi 23 ta OTM Osiyoning eng kuchli universitetlari ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekistonning eng yaxshi oliygohi Osiyoda 159-o‘rinda, Markaziy Osiyoda 7-o‘rinda qayd etildi.

'O‘zbekistondagi 23 ta OTM Osiyoning eng kuchli universitetlari ro‘yxatiga kiritildi'ning rasmi

Oliy ta’lim sohasidagi global tahlil agentligi tomonidan 2025 yil uchun e’lon qilingan Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingi natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasi top-1000 talikdan joy oldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

6 noyabr kuni Oliy ta’lim sohasidagi global tahlil agentligi (QS Quacquarelli Symonds) Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingining o‘n oltinchi yillik nashri – QS Asia University Rankings 2025 ni e’lon qildi.

Reyting natijalariga ko‘ra, 2025 yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari yangi reytingiga O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan bo‘lib, bu mamlakat oliy ta’limi tarixidagi mutlaq rekord hisoblanadi.

Shulardan 11 ta OTM o‘z o‘rnini yaxshilagan, 2 ta OTM o‘z o‘rnini saqlab qolgan, 9 ta OTM birinchi marta reytingga kiritilgan va 1 ta OTM o‘z o‘rnini yo‘qotgan. Yangi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z mavqeyini eng ishonchli tarzda yaxshilagan Osiyo davlatlaridan biriga aylandi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingi (QS Asia University Rankings 2025) mintaqaning 25 ta mamlakat va hududidan 985 ta oliy ta’lim muassasasini qamrab olgan bo‘lib, ulardan 127 tasi ilk bor Osiyo reytingiga kiritilgan.

QS Asia University Rankings reytingini tuzishda OTMning quyidagi 11 ta ko‘rsatkichi baholanadi:

• ilmiy (akademik) obro‘ (professor-o‘qituvchilarning ovozi) — 30 foiz;
• ish beruvchining bahosi — 20 foiz;
• professor-o‘qituvchilar/talabalar nisbati — 10 foiz;
• xalqaro tadqiqot tarmog‘i (Scopus’dagi maqolalar soni) — 10 foiz;
• bitta maqolaga berilgan iqtiboslar — 10 foiz;
• har bir professor-o‘qituvchi hissasiga to‘g‘ri keladigan maqolalar soni — 5 foiz;
• PhD darajasiga ega xodimlar soni — 5 foiz;
• xalqaro professor-o‘qituvchilarning ulushi - 2,5 foiz;
• chet ellik talabalarning ulushi — 2,5 foiz;
• almashinuv dasturlari doirasida xorijdan kelgan talabalarning ulushi — 2,5 foiz;
• xorijga borgan talabalarining ulushi — 2,5 foiz.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar