AsosiyJamiyat

Ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi

Ushbu tartib 1 dekabrdan boshlab joriy etiladi.

'Ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi'ning rasmi

O‘zbekistonda 1 dekabrdan ichimlik va oqova suv xizmatlari to‘lovlari faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Bu haqda "O‘zsuvta’minot" xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, bu chora sohada shaffoflikni ta’minlash, hamda korrupsion holatlarga barham berish maqsadida amalga oshirilmoqda. Endilikda nazoratchi va suv ta’minoti xodimlariga to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish to‘xtatiladi.

Iste’molchilar to‘lovlarni amalga oshirishda o‘zi uchun qulay va tezkor bo‘lgan quyidagi vositalardan foydalanishi mumkin:

  • cabinet.uzsuv.uz shaxsiy kabinet orqali;
  • @uzsuvbot Telegram boti orqali;
  • Elektron to‘lov tizimlari (Click, Paynet, Alif Mobi, Payme, Oson, Uzum Bank) hamda to‘lov infokiosklari va tijorat bank kassalari hamda shoxobchalari, pochta bo‘limlari orqali.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda sohada bir qancha korrupsiyaviy holatlar aniqlangan. Jumladan, to‘lovni naqd shaklda amalga oshirish bilan bog‘liq bir qancha qonunbuzilish holatlari kuzatilgan.

Xabarga ko‘ra, jamiyatning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens-nazorat boshqarmasi Sirdaryo viloyati bo‘yicha inspektori tomonidan hududiy suv ta’minotining mijozlar bo‘limi aholi nazoratchisi O‘.B. Guliston shahrida istiqomat qiluvchi 36 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning ishonchiga kirib, iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun undirilgan jami 52 million 427 ming 706 so‘m pul mablag‘larini aksiyadorlik jamiyati va fuqarolarning hisob raqamiga kirim qilmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘.B.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar Sirdaryo viloyati prokuraturasiga taqdim qilindi va Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» (oz miqdorda firibgarlik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu bilan birgalikda, Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda «Xorazm suv ta’minoti» AJning 5 ta tuman filiali mas’ul shaxslari tomonidan iste’molchilarning ichimlik suvi uchun to‘lov qilingan jami 380 million so‘m mablag‘larini bank hisob raqamlariga kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar