O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Turkmanistonning "Hurmatli el yoshullisi" ("Hormatly il ýaşulusy") unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Turkmenportal xabar berdi.
Mamlakat prezidenti Serdar Berdimuhamedov farmoni bilan berilgan unvon unga "Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, milliy an’ana va urf-odatlarni rivojlantirish, ikki qardosh xalqning ma’naviy rishtalari bilan bog‘liq birligi va hamjihatligini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari" uchun taqdim etildi.
Bundan tashqari, yana bir boshqa farmonga muvofiq Abdulaziz Komilov "Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi" (Magtymguly Pyragynyň 300 ýyllygyna) yubiley medali va ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Bu mukofot ham unga "yosh avlod tarbiyasidagi alohida xizmatlari uchun, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq yillik munosabatlarni, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-ta’limiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun" topshirildi.