Insoniyat tarixining barcha bosqichlarida o‘zining alohida qobiliyati va iste’dodi bilan ajralib turgan shaxslar bo‘lgan va ularning g‘oyalari umuminsoniy ahamiyat kasb etgan. Misol uchun, ibtidoiy jamoa tuzumi davrida ilk bor olov yoqishni o‘rganib, uni o‘z qabilasiga olib kelgan odam (ismi noma’lum bo‘lsada) tarixdagi dastlabki geniy shaxslardan biri hisoblanadi. Olov yordamida odamzot o‘sha davrda sovuq ob-havodan himoyalanish va yovvoyi hayvonlar hujumidan omon qolish bilan birga, unda taom tayyorlashni o‘rganish orqali sivilizatsiyaning hozirgacha davom etayotgan muhim tarmog‘ini bunyod etdi.
Xuddi shuningdek, o‘rta asrlarda Italiyada yashab ijod qilgan rassom Leonardo da Vinchining hayoti va ijodiga oid ayrim faktlar bilan tanishib chiqish bizga geniylarga xos xususiyatlarni yanada kengroq ochib berishga xizmat qiladi. Leonardo da Vinchi 1452 yil 15 aprelda Florensiyadan 35 km uzoqlikda joylashgan Vinchi shaharchasida tug‘ilgan. Leonardoning yoshligidan rasm chizishga bo‘lgan qobiliyatini payqagan otasi uni 14 yoshida Florensiyadagi do‘sti, o‘sha davrning mashhur rassomlaridan Andrea del Verokkoga shogirdlikka olib boradi. Florensiya bu davrda G‘arbiy Yevropaning eng boy va ko‘plab talantli odamlari yig‘ilgan shahar hisoblangan. Dastlab Verokkoning ustaxonasida yordamchi rassom bo‘lib ishlagan Leonardo tez orada o‘zining qobiliyati tufayli Florensiyadagi eng mohir rassomlardan biriga aylanadi. Bir kuni Leonardo chizgan rasmni ko‘rgan ustozi Verokko “men bundan keyin boshqa rasm chizmayman!” – deb aytadi. Bu keksa rassomning shogirdiga nisbatan bildirgan yuksak e’tirofi edi.
Bugun Leonardo da Vinchini ko‘pchilik uning Mona Liza asari orqali taniydi. Mona Liza suratda tabassum qilayotganday tuyuladi va takroran qaraganingizda esa aksincha, u oddiy yuz qiyofasi holatida namoyon bo‘ladi. Portretga insonning yuz qiyofasidagi jonli ifodalarni ustalik bilan chiza olish Leonardo da Vinchining mahorati mahsuli edi. Emil Zolya va Oskar Uayld kabi yozuvchilar Mona Liza to‘g‘risida yozishgan. Ular Mona Lizani sirli va xavfli ayol sifatida tasvirlab, uning kulgisida ko‘plab pinhoniy sirlar yashiringan deb ta’kidlashgan.
Ammo Leonardo da Vinchiga faqat mohir rassom bo‘lgani uchun geniy sifati berilmagan. Chunki, yuqorida ta’kidlaganimizday, o‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa Renessansining (uyg‘onish) davrining o‘chog‘i hisoblangan Florensiyada Leonardoga o‘xshagan rassomlar va haykaltaroshlar yetarlicha topilar edi. Xo‘sh, unda Leonardo da Vinchining boshqalardan farqi nimada edi? U faqatgina rassom bo‘lib qolmasdan o‘z davrida boshqa ilmlarni ham o‘zlashtirishga harakat qilgan olim va mutafakkir bo‘lgan. Xususan, u matematika, geografiya, astronomiya, muhandislik, musiqa va anatomiya kabi ko‘plab ilmlarni o‘rganishga harakat qilgan. Uning zamondoshlari tog‘lar va dengizlar bir xil o‘zgarishlarsiz doimiy mavjud bo‘lgan deb o‘ylashardi. Leonardo esa atrofimizdagi olam vaqti vaqti bilan o‘zgarishlarga uchragani, bir paytlar dengiz osti bo‘lgan joylarning, keyinchalik tog‘larga aylanishini ta’kidlagan. Shuningdek, odamlar u davrda oyni ham o‘zidan yorug‘liq chiqaruvchi yulduz deb faraz qilishgan. Leonardo esa aksincha, oy quyoshdan taralayotgan nurni aks ettirgani uchun yorug‘ ko‘rinishi va biz ham oydan turib yer shariga qaraganimizda u ham shu’la taratayotganini ko‘rishimiz mumkin deb hisoblagan. Leonardoning ushbu qarashlarining to‘g‘rilligi keyinchalik zamonaviy tadqiqotlar natijasida o‘z isbotiini topdi.
Bundan tashqari, Leonardo da Vinchi insonning tuzilishi va odam anatomiyasi bilan chuqur qiziqqan va o‘sha davrning shifokorlari bilan hamkorlikda turli kasalliklarning, odamlarnin qarishi va vafoti bilan bog‘liq sabablarni o‘rganishga harkat qilgan. Leonardo da Vinchining Vitrivian odam rasmi inson badani tuzilishini tasvirlaydi va san’at tarixidagi takrorlanmas asarlardan hisoblanadi.
Vitrivian odam tasvirini bugungi kunda ko‘plab joylarda, shu jumladan bir yevro qiymatidagi tangada ham uchratishimiz mumkin.
Shuningdek, Leonardo da Vinchi tomonidan odamning ichki a’zolari, ayniqsa, yurakning juda aniqlik bilan chizilganligi 21 asrda ham ko‘plab tadqiqotchilarni hayratga solib kelmoqda. Ma’lumki, ilk havoda uchish moslamalari, parashyutlar, suv ostiga sho‘ng‘ish uchun uskunalarning chizmalari ham ilk bor Leonardo da Vinchi tomonidan yaratilgan bo‘lsada, ularni o‘sha davrda amalga oshirish imkonsiz edi. Bir necha asrlar o‘tgandan keyingina, ilm-fan va texnologiyalarning rivojlanishi natijasida Leonardoning g‘oyalari va kashfiyotlari real hayotda o‘z aksini topa boshladi.
Qisqasi, Leonardo da Vinchi faoliyatini o‘rganish geniylik tushunchasiga berilgan ta’rifni biroz kengaytirishga va uning mohiyatini yanada to‘liqroq anglashga imkon yaratadi. Geniylar o‘z davridan bir necha yillar oldini ko‘ra bilishi va idrok etishi, o‘z zamondoshlari tushunchalaridan farqli ravishda dunyo mohiyati haqida to‘g‘ri hulosalarga va fikrlarga ega bo‘lishi, shuningdek, eng asosiysi, ular insoniyat tarixini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yaratuvchanlik g‘oyalariga egaligi bilan ajralib turadi.
Shu o‘rinda biz uchun muhim bo‘lgan yana bir jihat ko‘zga tashlanadi. Leonardo avvalambor buyuk rassom edi va boshqa soha ilmlarini ham qalam yordamida kashf qilishga intildi. Buning natijasida u o‘zining buyuk g‘oyalarini va kashfiyotlarini musavvirlik qobiliyati orqali bizgacha meros qilib qoldira oldi.
Yuqoridagilardan biz chiqaradigan xulosamiz oddiy. Inson har qanday kasb-hunar, ilm yoki boshqa qobiliyatning egasi bo‘lishidan qatiy nazar, o‘z qobig‘idan chiqib atrofidagi olamga unga in’om etilgan iste’dod ko‘zi bilan qaray olsa, u albatta, dunyoni o‘zgartiradi. Demak, u geniy!
Murodjon Mustafoyev
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mustaqil tadqiqotchisi