Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruviga kelgandan so‘ng mamlakatni qaytadan transformatsiya qilgani haqida gapirdi.
“Siz davlat boshqaruviga kelgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekistonni qaytadan transformatsiya qildingiz. Siz jamiyatni qayta tikladingiz”, — dedi Pokiston bosh vaziri.
Shahboz Sharifning ta’kidlashicha, bunday natijalarga balandparvoz gaplar orqali erishilmaydi yoki yaxshi bir kengashni tashkil etish bilan hal bo‘lib qolmaydi.
“Agar adashmayotgan bo‘lsam, 2016 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 42 foiz bo‘lgan, savdo ko‘rsatkichi ham past edi. Bugun kambag‘allik darajasi 8 foizga tushdi, investitsiyalar hajmi esa 30 milliardga yetdi. Shuning o‘zi katta mo‘jiza emasmi?! Bu rostdan ham mo‘jiza. Mo‘jizalar aniq qarashlar, yuqori dinamika, tinimsiz mehnat va yakdil maqsad sari dadil intilish orqali paydo bo‘ladi. Men mana shunday ulug‘ sifatlarni sizda ko‘rdim”, — deydi u