AsosiyJamiyat

Akmal Saidov: “Saylov.uz-2016” press-klubi – so`z erkinligining yana bir amaliy ifodasi

Mamlakatimizda 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tgan mustaqil davlatimiz hayotidagi g`oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro hamjamiyat, xorijiy kuzatuvchilar tomonidan yuqori baholandi. Bu bejiz emas. Zero, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Konstitusiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida ta`kidlaganidek, “bu saylovni Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug`anievich Karimovning siyosiy merosiga va u kishi o`zining cheksiz mehrini bergan xalqimizga munosib tarzda o`tkazdik”.

Saylovni yoritishda, xususan, O`zbekiston ommaviy axborot vositalari salohiyati yorqin namoyon bo`ldi. Saylov kampaniyasi axborot ta`minoti bo`yicha eng asosiy yuk, shubhasiz, davlat ommaviy axborot vositalari zimmasida bo`ldi. Shular qatorida ushbu jarayonlarda nodavlat ommaviy axborot vositalari ishtirok etishi uchun ham zarur imkoniyatlar yaratildi. Shuningdek, saylovda yangi axborot-kommunikasiya texnologiyalari va ijtimoiy roliklardan keng foydalanildi.

Bu haqda so`z borganda, avvalambor, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan “Mening yurtim”, “Sevimli-tv.uz”, “Uzreport TV”, “Zo'r TV”, “Samarqand STV” nodavlat telekanallari, “Uzbekistan Today” axborot agentligi, “Darakchi inform service” MCHJ nodavlat ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor “Saylov.uz-2016” press-klubi tashkil etilganini alohida ta`kidlash lozim. Mamlakatimizdagi saylov jarayonlari mazkur Press-klub faoliyati doirasida xorijiy ommaviy axborot vositalarida dunyoning 10 dan ortiq tillarida yoritildi.

Saylovga bag`ishlangan 2 mingtadan ziyod axborot ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi. Milliy va xorijiy teleradiokanallar, davriy matbuot, Internet-OAV,  Youtube kanali, Facebook, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali uzatilgan bu materiallar bilan jahonning 20 ta mamlakatida millionlab kishilar tanishish imkoniga ega bo`ldi. Press-klub ishida har kuni 80 nafar xorijlik va mamlakatimizdan 150 nafardan ortiq jurnalist faol ishtirok etdi.

Shuningdek, Press-klub doirasida milliy va xorijiy ekspertlar, saylovni xalqaro kuzatuvchi sifatida kuzatib borgan taniqli xalqaro ekspertlar ishtirokida 10 ta aniq mavzuli brifing tashkil etildi. Bu brifinglarda 600 nafardan ziyod milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. 

Xususan, 2 dekabr kuni Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi va O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamkorligida “Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali”ni o`tkazdi. 

Ushbu festivalning 2 va 3-nominasiyalari saylov mavzusiga bag`ishlangan bo`lib, “Aholining, xususan, yoshlarning saylovga oid huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy rolik” hamda “Fuqarolarni saylov jarayonlarida faol ishtirok etishga chorlovchi eng yaxshi rolik” deb nomlangan ana shu nominasiyalar bo`yicha eng yaxshi ijodiy ishlar hakamlar hay`ati tomonidan onlayn ovoz berish yo`li bilan aniqlandi va munosib taqdirlandi.

Bundan tashqari, “Saylov.uz-2016” press-klubida 5 ta madaniy tadbir tashkil etilib, xalqimizning boy madaniyati va san`ati, milliy an`analari va urf-odatlari keng targ`ib qilindi. Bu tadbirlarda 1 ming 200 nafar kishi, asosan, ilm-fan, madaniyat va san`at namoyandalari, diplomatik vakolatxona va elchixonalar vakillari, xorijiy va milliy ekspertlar qatnashdi. 

Eng muhimi, Press-klub faoliyati doirasida jurnalistlarga eng yangi va zamonaviy media texnologiyalardan samarali foydalanish borasida noyob imkoniyatlar yaratib berildi. Natijada Press-klub tashkil etilgan qisqa muddat ichida birgina ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan materiallar 15 million obunachiga etib bordi.

E`tiborli jihati shundaki, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, xalqaro kuzatuvchilar, diplomatik korpus  vakillari tomonidan “Saylov.uz-2016” press-klubi faoliyati ijobiy baholandi. Xususan, Press-klub faoliyati xalqaro andozalar talabiga to`liq javob berishi ta`kidlandi. 

Misol uchun, AQSh va Evropa mamlakatlari xorijiy kuzatuvchilari, shuningdek, Chexiya va Fransiya elchixonalari vakillari Press-klub faoliyati eng yuksak jahon standartlariga mos ekanini e`tirof etdi. O`z navbatida, MDH mamlakatlari vakillari, xususan, MDH Ijroiya qo`mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev O`zbekistonning ushbu tajribasidan o`rnak olish zarurligiga e`tibor qaratdi. 

Xitoy, Janubiy Koreya, Pokiston, Hindiston kabi Osiyo qit`asining bir qator davlatlari vakillari tomonidan ham Press-klub faoliyatining ahamiyati yuqori baholandi. Jumladan, “Biznes-Sentral Aziya” jurnali bosh muharriri Inderver Singx “Bu Press-klub boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida ko`rsatishga munosibdir”, deb qayd etdi.

 Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar palatasining a`zosi lord Mohammed Iltaf Sheyxning fikricha, “bu noyob media maydoncha saylov kampaniyasi yakuniga etganidan so`ng ham o`z samaradorligini namoyish etishi lozim. Press-klub mamlakatdagi eng muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadbirlarni yoritadigan hamda bu borada bahs-muloqotlar tashkil etadigan markaz bo`lib qolishi kerak”.

Umuman olganda, “Saylov.uz-2016” press-klubining tashkil etilishi O`zbekistonda so`z erkinligi ta`minlanishi yuksak darajada ekanining o`ziga xos namoyishi bo`ldi. Binobarin, xorijiy ekspertlar tomonidan Press-klub faoliyati orqali saylov davrida yagona maqsad, ya`ni mamlakatda 25 yil davomida erishilgan yutuqlarni tahlil qilish, hamjihatlik va ochiqlik asosida mavjud muammolarni hal etish yo`llarini izlash hamda yangi ijtimoiy-fuqaroviy tashabbuslarni ishlab chiqish uchun davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari, xorijiy va milliy ekspertlarning o`zaro konsolidasiyasi, o`zbekcha ibora bilan aytganda, boshining bir joyda qovushishi yuz berdi, degan  yakdil fikr bildirildi.

Chindan ham, Press-klub jurnalist xodimlarning salohiyatidan imkon qadar keng va samarali foydalanish uchun sharoit yaratdi. Qolaversa,  Press-klub ijobiy va boy axborot muhitini shakllantirish borasida yuksak natijadorlik ko`rsatdiki, buni qisqa vaqtda 1 ming 500 tamedia-mahsulot va ijtimoiy tarmoqlarda 1 500 tadan ziyod turli ma`lumotlar tayyorlangani misolida yaqqol ko`rish mumkin. 

Eng ahamiyatli jihati, 50 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari Press-klub orqali dunyo miqyosida tarqatgan axborotlar mazmuni asosan ijobiy va xolis ekani kuzatildi. 

Shu nuqtai nazardan, milliy va xalqaro ekspertlarning ushbu Press-klub faoliyatini doimiy asosda yo`lga qo`yish borasidagi taklifi e`tiborga loyiq, deb o`ylaymiz. Nega deganda, doimiy asosda faoliyat yuritadigan bunday zamonaviy medi-muloqotlar maydonchasi, o`ylaymanki, turli siyosiy kuchlar (partiyalar) vakillari, milliy va xorijiy ekspertlar, jurnalistlar hamjamiyati, diniy konfessiyalar, milliy jamiyatlar vakillari o`z fikr-mulohazalarini bildirishi uchun muhim ahamiyat kasb etgan bo`lur edi.

Akmal Saidov,
yuridik fanlar doktori,
professor

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar