Dasturxon boshida o`tirar ekanmiz, taomga biroz tuz qo`shsak yoki choyga ko`proq shakar solsak, kattalar: “Bu “oq ajal”, kamroq eyish kerak” deya tanbeh berishadi. Xo`sh, shakar va tuz chindan ham organizmga zararlimi? Nahot, umrimiz davomida o`zimizni-o`zimiz zaharlayotgan bo`lsak?
Tuz
Osh tuzi, ya`ni natriy xlor (NaCl) inson organizmidagi suyuqliklar tarkibiga kiruvchi muhim elementlardan biri sanaladi. Tuz tarkibidagi natriy moddalar almashinuvida, asab impulslari uzatilishi va mushaklar qisqarishida ishtirok etadi. Biroq har nening me`yori bo`lgani kabi osh tuzi iste`molida ham chegaradan chiqmaslik lozim. Chunki har qaysi kimyoviy modda singari ortiqcha tuzning ham salomatligimizga zarari bor. Masalan, tuz tarkibidagi ortiqcha natriy organizmda suv to`planishiga sabab bo`lib, yurakka ortiqcha og`irlik beradi. Natijada, o`ziga haddan ziyod tuz singdirib olgan tomirlar shikastlanib, qon bosimi ko`tarilganda unga dosh berolmay qoladi. Bu esa, o`z navbatida, insult xastaligini keltirib chiqaradi.
Sog`lom kishi qancha miqdorda tuz iste`mol qilishi lozim?
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti sog`lom odam uchun kuniga 5 gr. tuz me`yor ekanligini ta`kidlamoqda. Bu – yarim choy qoshiq degani. Biroq issiq iqlim sharoitida istiqomat qiluvchilar va muntazam jismoniy faoliyat bilan shug`ullanuvchilarga 10-15 grammgacha tuz iste`mol qilish mumkinligi aytilgan.
Shakar
Organizmga tushgach, shakar glyukoza va fruktozaga ajraladi. Glyukoza – tana va miyaga quvvat etkazib berishi bilan ahamiyatli. Biroq bunda ham me`yorga amal qilmaslik turli xastaliklarga sabab bo`lishi mumkin. Ortiqcha glyukoza jigarda glikogen sifatida yig`ilib boradi. Agar glekogen zaxirasi ko`payib ketsa, jigar va qorin atrofida yog` yig`ilishiga olib keladi. Demak, ko`p miqdorda shakar iste`mol qilgan odamlarda o`z-o`zidan ortiqcha vazn to`planadi. Bundan tashqari, shakar og`iz bo`shlig`idagi mikroblar bilan qo`shilib, tish emalini shikastlaydigan kislota ishlab chiqarilishiga sabab bo`ladi va kariesni yuzaga keltiradi.
Sog`lom odam kuniga qancha shakar iste`mol qilishi lozim?
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, Osiyo aholisi kuniga o`rtacha 70-90gr., AQSh aholisi 190gr., Rossiyaliklar esa 140gr. shakar iste`mol qiladilar. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti esa kuniga 60gr. dan ko`p bo`lmagan miqdorda shakar iste`mol qilishni tavsiya etmoqda. Bu taxminan 4 osh qoshiq, demak.
Nima qilmoq kerak?
Mutaxassislar har bir kishi iste`mol qilayotgani tuz va shakar me`yorini nazorat qilib borishi lozimligini ta`kidlashmoqda. Biroq egulikdagi tuz miqdorini o`lchashning imkoni bo`lmaganligi tufayli tuzlamalar, pomidor sharbati, yarimtayyor go`sht mahsulotlarini chegaralashga harakat qilish lozim. Agar buyragingiz bezovta qilsa yoki ortiqcha vazn qiynayotgan bo`lsa, kundalik taomnomangizda tuz va shakar miqdorini kamaytirishingiz lozim. Biroq ulardan butkul voz kechish ham yaramaydi.
Glyukoza organizmimizga foyda keltirishiga qaramay, shakar tarkibida na vitaminlar, na mikroelementlar va na biriktiruvchi to`qimalar bor. Shu bois u organizm uchun o`ta zarur mahsulot hisoblanmaydi. Bundan tashqari, inson organizmi boshqa mahsulotlardan o`ziga kerakli glyukoza va fruktozani ajratib olish xususiyatiga ega. Demak, shakar iste`molidan biroz tiyilsak, tanamiz bizdan xafa bo`lmaydi.
Ko`rib turganingizdek, shakar va tuz “oq ajal” emas ekan. Ularni faqat haddan ziyod tanovvul qilmaslik kerak, xolos.
Bilasizmi?
Aytishlaricha: Tuzning asosiy qismi inson organizmiga uyda tayyorlangan taomlar bilan birga tushadi.
Aslida: Organizmimizga kelib tushadigan 77 foiz tuz restoran, kafelarda tayyorlangan eguliklar, xususan, “Fast fud”lar tufayli kelib tushadi.
Aytishlaricha: Asal va qo`ng`ir shakar tarkibidagi kaloriya oq shakarga nisbatan kamroq.
Aslida: Qo`ng`ir shakar oq shakar bilan deyarli teng kaloriyaga ega. Bir osh qoshiq asal tarkibida xuddi shuncha shakarga nisbatan 15 kilokaloriya ko`p.
Aytishlaricha: Dengiz tuzi biz, odatda, foydalanadigan osh tuzidan foydaliroq.
Aslida: Dengiz tuzi tarkibida osh tuziga nisbatan natriy ko`proq. Shunchaki uning hajmi osh tuziga nisbatan kattaroq bo`lgani bois nisbatan ko`proq miqdorda ishlatishga to`g`ri keladi.
Aytishlaricha: Shakar organizmimizga, asosan, shirinlik va konfetlar tufayli kelib tushadi.
Aslida: Ko`pchilik inson organizmiga shakar turli shirinliklardan kelib tushadi, degan fikrda turli shirin pishiriqlardan o`zini tiyadi. Qaysidir ma`noda bu to`g`ri. Biroq gazli suv, turli souslar, mayonez va ketchup ham tarkibida shakar miqdori yuqori bo`lgan mahsulotlar sirasiga kiradi. Masalan, bir osh qoshiq pomidor ketchupida naq bir choy qoshik shakar mavjud.
Saodat tayyorladi.