Samarqand shahrida tramvay yo`li qurilishi davom etmoqda. Yaqinda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tramvay yo`l izlari olib kelinib, o`rnatish ishlari boshlab yuborildi. Bu haqda Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati ma`lum qildi.
– Ikki kun ichida Sartepa maskanidan Buyuk Ipak yo`li va Narpay ko`chalari kesishgan hududgacha 4 kilometrga yaqin temir yo`l izlarini yotqizib chiqdik, – deydi “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “TYMS – 203” korxonasi bosh muhandisi Obid Ummatov. – Hozircha yo`lning bir tomonini yotqizib chiqyapmiz.
Bosh muhandisning ta`kidlashicha, Navro`z bayramiga qadar 16 kilometrlik yo`l yotqizilib, Sartepa maskanidan Temir yo`l vokzaliga qadar bo`lgan birinchi bosqichli qurilish ishlari to`liq nihoyasiga etkaziladi.