AsosiyJamiyat

O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun idoralararo komissiya tashkil etiladi

O`zbekiston Oliy Majlisi Senati 13 dekabrdagi sakkizinchi yalpi majlisida O`zbekiston Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida"gi qonun tasdiqlandi.Bu haqda Senat axborot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz" xabar bermoqda.

Yangi normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni har tomonlama tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning namoyon bo`lishiga yo`l qo`ymaslik, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha shakllariga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga qaratilgan.

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha davlat siyosatining asosiy prinsiplari va yo`nalishlari mustahkamlangan, vakolatli organlar tizimi keltirilmoqda, ushbu sohada fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning ishtirok etishi mexanizmlari belgilab berilmoqda hamda ochib berilmoqda, shuningdek, xalqaro hamkorlikning ahamiyati aks ettirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi sub`ektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini kuchaytirish maqsadida qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalarni tashkil etish hamda uning tarkibiga jamoat birlashmalarining vakillarini, tadbirkorlarni va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillarini kiritish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun xususiy mulkni g`ayriqonuniy tajovuzlardan, tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlardan himoyalashga qaratilgan. Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi ishchanlik faoliyatini va mamlakatning investision jozibadorligini oshirishga, shuningdek, fuqarolar huquqlarini va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashga ko`maklashadi.

Boshqa yangiliklar