Myanmada 28 mart kuni 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishlari Tailandda ham qayd etildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSH geologiya xizmatiga ko‘ra, zilzila epitsentri Mandalay shahridan (Myanma) 17,2 kilometr uzoqlikda va chuqurligi 10 kilometr. Myanmaning Yangon shahrida qurbonlar va vayronagarchiliklarni tekshirish uchun qidiruv ishlari boshlangan. Hozircha bu bo‘yicha boshqa ma’lumot yo‘q. Myanmada birinchi silkinishdan 12 daqiqa o‘tib 6,4 magnitudali kuchli zilzila qayd etilgani aytilmoqda.
Tailand poytaxti Bangkokda ham yer silkinishlari qayd etilgan, qurilayotgan binolardan biri qulab tushgan. Ularning ostida kamida 43 nafar ishchi qolib ketgan. Mamlakatda aeroportlar va metro faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Aholi zich joylashgan Bangkokning markaziy qismida qo‘rqib ketgan aholi ko‘p qavatli binolardan chiqishni boshlagan. Zilzila kuchi sababli baland binolardagi hovuzlardan suv toshib ketgan.
Voqea joyiga darhol qutqaruvchilar yetib kelgan. Kasalxonalardan bemorlar evakuatsiya qilinib, to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chalarga, binolardan uzoqqa joylashtirilgan. Jiddiy vayronagarchiliklar va jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.