O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar 1 apreldan emas, 1 maydan kuchga kiradi. Bu haqda darakchi.uz'ga bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, bunday qaror prezident topshirig‘iga ko‘ra aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilindi.
2025 yil apreldan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar oshirilishi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilandi. Endilikda hukumatning ushbu qaroriga o‘zgartirish kiritiladi.
Narxlar qanday o‘zgarishi belgilangandi?
Vazirlar Mahkamasi qarorida 2025 yil apreldan boshlab elektr energiyasi iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 300 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 500 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 750 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 875 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 1 000 so‘mdan etib belgilangandi.
Iste’molchilarning I guruhiga kiruvchi qismi o‘zgarishsiz – 1 kVt/soat uchun 1 000 so‘m etib belgilangandi. II guruh iste’molchilar uchun ham bir kilovatt soat elektr energiyasi 1000 so‘mdan yetkazib berilishi belgilangandi. Iste’molchilarning IV guruhi ham shu sanadan e’tiboran bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘mdan to‘lashi ko‘zda tutilgandi.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilangandi:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 600 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 1 000 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 1 500 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 1 750 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 2 000 so‘m.
Aholining kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun iste’mol qiladigan tabiiy gazi uchun narxlar quyidagicha o‘zgarishi ko‘zda tutilgandi:
- oyiga 500 kub metrgacha – 1 000 so‘m;
- oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 800 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 2 100 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 500 so‘m;
- oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz iste’mol qiladiganlar bir kub metr uchun 3 000 so‘m.
Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari buning uchun 1 800 so‘mdan to‘lashi ko‘zda tutilgandi.
Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun to‘lov 2 000 so‘m bo‘ladi.