AsosiySiyosat

Mirziyoyev va Toqayev "Medeu" tog‘-chang‘i klasterini borib ko‘rdi

"Medeu" sport majmuasi 1972 yilda qurilgan bo‘lib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan.

'Mirziyoyev va Toqayev "Medeu" tog‘-chang‘i klasterini borib ko‘rdi'ning rasmi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev "Medeu" tog‘-chang‘i klasteriga tashrif buyurdilar.

Davlatimiz rahbariga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda barpo etilgan "Medeu" to‘g‘onining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida so‘zlab berildi.

"Medeu" to‘g‘onining tepasiga 842 pog‘onadan iborat "Salomatlik zinapoyasi" olib boradi. 2011 yilda to‘g‘on yonida "Shimbuloq" tog‘-chang‘i maskaniga eltuvchi 4,5 kilometr uzunlikdagi dor yo‘li qurilgan.

"Medeu" sport majmuasi 1972 yilda barpo etilgan bo‘lib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan.

Majmua muz maydonining yuzasi 10,5 ming kvadrat metr bo‘lib, bir vaqtda 3 ming nafargacha kishini qabul qila oladi. Har yili unga 400 mingdan ortiq mehmon tashrif buyuradi.

Bugungi kunda majmua sport, turizm va madaniyat klasteri sifatida faoliyat yuritmoqda. Sport musobaqalari, ommaviy konki uchish, madaniy tadbirlar, festivallar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

2011 yilda bu yerda VII qishki Osiyo o‘yinlari, 2017 yilda Butunjahon Universiada musobaqalari o‘tkazilgan.

Tanishuv chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari yosh figurali uchuvchilarning ko‘rgazmali chiqishlarini tomosha qildilar.

    Boshqa yangiliklar