1

«Kelgin, yor, «telegram»lashmaylik!»

SUG'DIYONA 14.12.2016, 17:03
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, Telegram, SUGDIYONA
«Kelgin, yor, «telegram»lashmaylik!»

Zamonasiga ham hayron qolasan kishi. Kechagina «agent»im bor desangiz, sizga ko`zlarini katta-katta ochib qaraydigan odamlar bugun «telegram»da qo`nim topgan. Ishonmaysizmi, siz ham bir kirib ko`ring. Og`zingizni ochib, yoqangizni ushlamasangiz, «telegram»imni qaytadan yoqtiraman…

 

Aslida men faqirga bu «bog`u bo`ston»da ne bor edi, bilmayman. Tasodifan, bilmasdan, bir adashib kirib qoldim-da. Kirdim-u, bu «chamanzor»da boshginam aylanib ketdi. Hammasiga o`zi Jo`raqul aybdor. Bir kuni «SMS» jo`natib yuboribdi: «“Galaxy”im bor deysan, ajab-ajab, Nega «telegram»ga kirmaysan, ajab-ajab?» deb. Men ajabalanib o`tirmadim, «bor baraka» deya, shu zormandani ham yoqdim. Juda qulay ekan.

Kim kerak bo`lsa, hamma shu erda. Masalan, ishxonamizdagi oshpazdan tortib, kotibagacha…

Tushlik payti «Oshxonamizda nima ekan-a?» deb bosh qotirib o`tirmaysiz, darrovgina «telegram»ga kirasiz. Ovqat menyusi oshxonachi xolaning (buvi desa ham bo`laveradi, etmishlarga yaqinlashib qolgan) statusida yarqirab turadi: makaron sho`rva, makaron qovurdoq, makarondan dimlama…

«Rahbarning kayfiyati qanday ekan, mehnat ta`tili olish masalasida huzuriga kirsam», deya bosh qotirib o`tirmaysiz, «telegram»ga tashrif buyursangiz, kotibadan hammasini bilib olasiz. Yo`q, o`zidan so`rab, «g`iybat qilish» shartmas. Statuslari gapiradi bu haqda. Masalan, «Ertalabdan kayfiyatingizni kimdir tushirsa, kun davomida ishingiz yurishmas ekan», deya yozilgan bo`lsa, bilavering, bugun boshliq chap yoni bilan turgan.

Yana bilasizmi, qo`lingiz bilan berib, oyog`ingiz bilan ololmay yurgan qarzingizni undurishga yordam berarkan bu «jonimizning oro»si. Erning tagiga kirib ketgandek dam-daraksiz yo`qolgan, telefonini ko`tarmaydigan «do`st»ingizni ham «telegram» orqali nishonga olaverasiz-da…

Yana «gruppa»lar ham ayni muddao. Sinfdoshlar bormi, choyxonachilar bormi, ishxonadagilarmi, o`zlaricha guruh tuzib olishgan. Hamma gapni birga ochiqchasiga muhokama qilaverasiz-da! Bu yog`i sirlar oshkor bo`lib, munosabatlar «mustahkamlanib» boraverarkan…

Xullas, hammasi mening foydamga bo`layotgandi. Hech zarar ko`rmayotgandik. Ammo, ming taassuflar bo`lsinki, xonim afandimizning ham ko`ngli «telegram»ni tusab qoldi. «Qani, juda boshingizni ko`tara olmay qoldingiz, biz ham bir ko`raylik...» desa bo`ladimi? Nailoj, iltimosnoma buyrug`ini rad etolmadik. Qo`rqadigan joyim bo`lmasa, axir?! To`g`ri yursam, «telegram»da hech kimga gap otmasam, nimadan qo`rqaman, ayting, birodarlar?!

Ammo xotin akaning qo`rqitgani ming marta durust ekan. Ha, bir oy ichida bunga amin bo`ldim. Bu baloi azim unga yoqib qolsa deng. Naq yigirma to`rt soat «yoniq»lar. Izlagan odam «telegram»dan bir zumda topib oladi. «Dugonalar, bormisiz?», «Xolamning qizlari», «Gapchilarning gapi», «Erlarimizdan yashirganlarimiz» kabi o`nlab «gruppa»larga a`zo. O`zi bilan o`zi ovora bo`lsa, mayliga edi... Har soatda bitta rasm, o`nta gap yozib jo`natib turadilar. Mana, oddiy, ammo mening qon bosimimni oshiradigan xabarlar: «Dadasi, kechki ovqatga nima qilsam ekan?», «Dadajonisi, kechki ovqatga dimlama pishirsam-chi?», «Dimlamaning kartoshkasini shunaqa qilib to`g`rasam, nima deysiz?» (to`g`ralgan kartoshka surati bilan), «tuzini ko`rayapman taomni» (yana rasm), «Ovqat tayyor» (yana surat). Xullas kalom, bu yog`i qulog`im qo`ng`iroqlardan tinchib, ko`zim xabarlardan ola-kula bo`lib ketaveradi. Go`yoki kundalik gap-so`zlardan meni baxobar qilib turadilar. Bir nima desangiz, «Sizdan nima ketdi, axir bu bechoraga qanchagina pul sarflardik? Arzon va qulay bo`lsa…» deydi ko`zlarini pirpiratib. Gap pulda emas, dilda xotinjon degim keladi-yu, yana «Dardini bergan davosini ham berar», deb arqonni uzun tashlayman. Ammo uzun tashlangan arqon bir kuni uzildi. Arqon-ku, mayli, rishtalar ham uzilay deb qolsa, deng. Pichoq kelib suyakka qadaldi. «Atrofingda men sarson, Chiqolmaysan «telegram»dan» deb kuylavordim ham oxiri. Axir, bu hayotda, mening yonimda, uyimizda yashayotgani yo`q. U «telegram»da umr kechirayapti, nafas olayapti. Tuyg`ularini ham bir parcha temir orqali «status»lariga bitib qo`yadi. Yonidagi pahlavonga esa e`tibor berish yo`q. Kiyimlar yuvilmagan, tugmalar qadalmagan, piyozlar kuyib ketgan, yurak esa toshdek qotgan. Men ham o`ylay-o`ylay yo`lini topdim. Ikkimizning ham telefonimizdan «telegram»ni o`chirib tashladim. Avvaliga ancha arazlab yurdi, qaytadan o`rnatib olmoqchi edi, chil dildan iltimos qildim:  «Kel, yarashaylik, chaqchaqlashaylik, ammo «telegram»lashmaylik». Hozircha, iltimos o`z kuchida. Ishqilib, hammasi orqada qolgani rost bo`lsin!

SUVONQUL

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1