Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon yog‘-moy” hissadorlik jamiyatining bir guruh ishchilariga 6 oydan beri ish haqi to‘lanmagani aniqlandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xabar berdi.
Qayd etilishicha, ishchilarning 2024 yilning sentyabr oyidan buyon 6 oylik ish haqlari to‘lab berilmagan. Korxona rahbariyati mazkur holatga javoban xodimlarga “oylik yo‘q va yaqin oylarda bo‘lmaydi ham, xohlasa ishlasin, xohlamasa yo‘q!” mazmunida javob qaytargan.
Bildirilishicha, mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, uning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan.
O‘rganish yakunlariga muvofiq, Ombudsman tomonidan tegishli ta’sir choralari kiritilgan. Natijada 71 nafar ishchining 830 mln so‘mga yaqin ish haqlari to‘liq undirib berilgan.