"Milliy tiklanish" partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov axborot makonida shaxsni haqoratlash, kamsitish va tahqirlash uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan masala yuzasidan qonunchilik taklifi tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
"Erkinlik - hayotiy zarurat, usiz rivojlanish mumkin emas. Lekin erkinlikning shartlari bor: ochiqlik, mas’uliyat va hisobdorlik. Axborot makonida haqorat qilish, kamsitish, tahqirlash og‘ir jinoyatga tenglashtirilishi va qattiq jazolanishi kerak.
Dushmanlik urug‘ini sochib, "xalq" so‘zini qalqon qilib olganlar ko‘payib bormoqda. Vaholanki, Konstitutsiyaning 10-moddasida xalq nomidan fikr bildirish huquqi kimga berilganligi aniq belgilab qo‘yilgan. Qolganlar o‘z nomidan gapirishi, muhokamalarda, munozaralarda ishtirok etishi - so‘zlari va harakatlari uchun javob berishi kerak," - deb yozdi Alisher Qodirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda xavotirli amaliyot paydo bo‘ldi: internetda tor biznes va boshqaruv manfaatlariga erishish uchun noto‘g‘ri idrok va tafakkurga ega odamlarni muvofiqlashtirish va yo‘naltirishni o‘rganishdi.
"Qonun bunday manipulyatorlarni, ular kim bo‘lishidan qat’i nazar, to‘xtatishi va keskin choralar ko‘rishi kerak ("Nulevoy den" serialini ko‘rishni tavsiya qilaman). Bunday media-loyihalar vaqt o‘tishi bilan birinchi navbatda o‘z ijodkorlarining, keyin esa minglab yosh-u qari, oddiy insonlarning taqdirini barbod qiluvchi boshqarib bo‘lmas maxluqqa aylanib qolishi mumkin. Ukrainadagi inqiroz bunga yaqqol misol bo‘lmadimi?" - deb yozdi Qodirov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, internet nafaqat daromad manbai, balki shaxsiy fikr bildirish platformasi hamdir, bu, shubhasiz, davrning eng foydali kashfiyotlaridan biridir.
"Biroq, erkinlikni niqob qilib, tartib va madaniyat me’yorlarini buzuvchi qo‘pollikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday ko‘rinishlar bilan har qanday yengiltaklikka chek qo‘yish kerak," - deya xulosa qildi deputat.