“Childlight Global Child Safety Institute” tomonidan 2024 yili e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq bola onlayn jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiya qurboni bo‘lgan. Bu raqam favqulodda holat darajasida bo‘lib, global xavfsizlik, raqamli texnologiyalar va bolalarni himoya qilishda jiddiy xavf mavjudligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, 300 million bola degani – bu dunyo bo‘yicha taxminan har 3 boladan 1 nafari (0-17 yosh oralig‘ida) hayotida bir marta bo‘lsa-da, onlayn jinsiy ekspluatatsiyaga yoki zo‘ravonlikka duch kelganini anglatadi. Ta’kidlash joizki, BMTning maxsus eksperti so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilga kelib bolalarga nisbatan onlayn jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiyaning yangi shakllari paydo bo‘lishi mumkin, deya ogohlantiradi.
Bugun internetning cheksiz imkoniyatlari tufayli dunyo madaniyatlari “qorishuvi” yuzaga keldi. Natijada turli qadriyat va axloqiy me’yorlarga ega yoshlar virtual makonda bir-biriga yaqinlashdi, bu esa pedofiliya kabi jinoyatlarni targ‘ib qilish va ularga nisbatan xavfni kuchaytirish imkoniyatlarini yaratdi. G‘arbda jinsiy erkinlik va shaxsiy huquqlar ustuvor bo‘lib, ba’zi madaniyatlar bolalarga nisbatan pedofillarga qarshi choralarni zaiflashtirishi mumkin. Chunki yoshlarni jinsiy erkinlikni anglash va o‘z tanasini ifoda qilishda tarbiyalashga katta e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, Sharq madaniyatida bolalarni himoya qilish va axloqiy poklikni saqlashga katta ahamiyat berilgan, lekin Internet orqali noqonuniy materiallarning tarqalishi va onlayn grooming kabi tahdidlar bu qadriyatlarni sinovdan o‘tkazmoqda.
Virtual makonning keng imkoniyatlari pedofillar uchun o‘z jinoyatlarini yashirin amalga oshirish, yoshlar ishonchini qozonib, ularni manipulyatsiya qilishning yangi, xavfli usullarini yaratib bermoqda. Dastlab odamlar o‘rtasida muloqot qilish, axborot almashish va o‘zini namoyon etish uchun yaratilgan “Instagram”, “TikTok”, “VKontakte”, “Snapchat” kabi ijtimoiy tarmoqlar bugun ayrim jinoyatchilar qo‘lida bolalar va o‘smirlarga nisbatan suiiste’mol qilish vositasiga aylanmoqda. Ular soxta akkauntlar orqali bolalar bilan aloqa o‘rnatib, keyinchalik ularni psixologik ta’sirga olish, intim materiallarni undirish yoki shaxsiy uchrashuvlarga jalb qilish kabi xavfli harakatlarni amalga oshirishga urinadi. Bu esa virtual muhitdagi tahdidlarning jiddiyligini va yoshlarni himoya qilish bo‘yicha aniq, tizimli choralar ko‘rish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, “Telegram”, “WhatsApp “kabi messenjerlardagi yopiq guruhlar ko‘pincha bolalar ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq ma’lum kontentni tarqatish uchun foydalaniladi. Ijtimoiy platformalardagi ma’lumotlar oqimining ko‘pligi sabab ko‘pincha qoidabuzilishlar o‘z vaqtida aniqlanmay qoladi. Bu esa jinoyatchilar uchun ancha qo‘l keladi.
Internetdagi yana bir xavfli maydon – bu darknet. “Tor” brauzeri orqali foydalaniladigan ushbu platformalar noqonuniy kontent, jumladan, pedofiliya bilan bog‘liq materiallarni tarqatish uchun ishlatiladi. Jinoyatchilar VPN va shifrlash texnologiyalari orqali o‘z faoliyati va joylashuvini yashirib, huquq-tartibot organlarining ishini qiyinlashtiradi.
Yuqorida keltirilgan fikrlarning dalili sifatida 2021 yili Germaniyada 400 mingdan ortiq foydalanuvchi bo‘lgan yirik pedofil tarmog‘i – “Boystown” fosh etildi. Bu tarmog‘ orqali minglab bolalar ustidan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgan va ular tomonidan ishlatilgan pornografik materiallar doimiy ravishda tarqatilgan. Bu holat darknet (yashirin tizim) tarmoqlarining bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiyani kuchaytirishda qanday rol o‘ynashini ko‘rsatadi. “Interpol” va “WeProtect Global Alliance” ma’lumotlariga ko‘ra, internetda bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlik holatlari global miqyosda tobora kengayib bormoqda. 2022 yili AQSHda Yo‘qolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalar milliy markazi (NCMEC) 32 milliondan ortiq shubhali materiallar haqida xabar qayd etgan, bu esa 2021 yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Yevropada, ayniqsa, Niderlandiya, Slovakiya kabi davlatlar bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini joylashtirishda markaziy rol o‘ynamoqda. UNICEFning global hisobotiga ko‘ra, har yili taxminan 2 million bola tijoriy jinsiy ekspluatatsiya qurboniga aylanishi mumkin, bu jarayonning muhim qismi internet orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda bu global muammoga jiddiy e’tibor qaratilmayotgani 2023 yili yuz bergan “Xorazm ishi” misolida ko‘rishimiz mumkin. Xorazm viloyatidagi mansabdor shaxslarning bolalarga nisbatan jinoyatlari keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Bu holat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni jiddiy muammo sifatida tan olishning zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ko‘pchilik, jumladan, blogerlar va faollar, qonunchilikni kuchaytirish va pedofillarga kimyoviy kastratsiya kabi qat’iy jazolarni joriy etishni talab qilishdi. O‘zbekistonda internetdagi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarining tarqalishi hali to‘liq nazorat qilinmayapti, bu esa vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin.
Har lahzada dunyo bo‘ylab millionlab bolalar, jumladan, O‘zbekistondagi bolalar ham internetda – chatlar, o‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etmoqda. Ulardan biri aynan shu paytda noma’lum shaxsdan do‘stona, ammo yashirin niyatlar bilan yozilgan xabarni qabul qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu holat ota-onalar, o‘qituvchilar va jamiyat uchun jiddiy xavotir uyg‘otadi. Bolalar kim bilan muloqot qilayotganini nazorat qilish imkoni yo‘qligi hamda tahdidni darhol anglab yeta olmaslik internetni haqiqiy xatar makoniga aylantiradi. Har bir layk, izoh yoki do‘stlik taklifi ortida yashirin xavf bo‘lishi mumkin. Bu esa bolalarni himoya qilish uchun tayyorgarlik darajasini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Pedofiliya va bolalarga qarshi jinoyatlarga qarshi samarali kurash olib borish uchun qonunchilik, texnologiya va ta’lim sohalarida kompleks yondashuv zarur. Bugungi kunda ko‘plab davlatlar raqamli muhitdagi bunday jinoyatlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada qabul qilingan “Online Safety Act” (2023) orqali internet-kompaniyalar bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy javobgarlikka tortiladi. Unga ko‘ra, agar platforma bolalarga zarar yetkazuvchi kontentni o‘z vaqtida o‘chirmasa, yirik jarimalarga tortilishi mumkin. Facebook va Google kabi yirik kompaniyalar shubhali kontent va xatti-harakatlarni aniqlash uchun sun’iy intellektga asoslangan algoritmlardan foydalanmoqda. Bu tizimlar shubhali so‘zlar, rasmlar va faollikni tahlil qilish imkonini beradi. Ammo jinoyatchilar ham bu texnologiyalarga moslashib, shifrlash va boshqa yashirin usullardan foydalanish orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishini qiyinlashtirmoqda. Shu bois, bu sohadagi algoritm va dasturlar doimiy ravishda takomillashtirilishi lozim. Texnologik chora-tadbirlar qanchalik muhim bo‘lmasin, ularning ta’sirini kuchaytirish uchun ta’lim sohasida ham tizimli ishlar olib borilishi kerak. Bolalar va ularning ota-onalarini internetdagi xavflardan ogoh qilish, ularga to‘g‘ri raqamli xatti-harakatni o‘rgatish orqali profilaktika qilish mumkin. Bu maqsadda maktablarda raqamli savodxonlik darslarini joriy etish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot kampaniyalarini tashkil qilish, shuningdek, ota-onalarga bolalar faoliyatini nazorat qilish vositalari haqida ta’lim berish, ayniqsa, muhim.
Qisqacha aytganda, internet va ijtimoiy tarmoqlarda bolalar xavfsizligi – kechiktirib bo‘lmaydigan, dolzarb muammodir. Texnologiyalar hayotimizni yengillashtirayotgani singari, ular yangi xatarlarga ham yo‘l ochmoqda. Bu muammoni bartaraf etish uchun davlatlar, IT-kompaniyalar va jamiyat vakillari hamkorlikda harakat qilishi shart. Internet erkinligini saqlagan holda, eng zaif guruh – bolalarni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish zarur. Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurash faqat innovatsiyalar, qonunlar va jamoaviy ongni uyg‘unlashtirish orqali amalga oshishi mumkin. Faqat shundagina raqamli muhitni barcha uchun xavfsiz makonga aylantirish mumkin.
Nazim BO‘RONOV,
mustaqil tadqiqotchi