AsosiyJamiyat

Yunusoboddagi bog'ni "yo'q" deb ko'rsatgan ekologiya bo'limi rahbari jazolandı

Tumandagi "Adolat" mahallasidagi bog‘ bo‘yicha noto‘g‘ri bildirgi bergani uchun ekologiya bo‘limi boshlig‘iga hayfsan va 30 foizlik jarima qo‘llandi.

'Yunusoboddagi bog'ni "yo'q" deb ko'rsatgan ekologiya bo'limi rahbari jazolandı'ning rasmi

Yunusobod tumani 4-mavze "Adolat" mahallasidagi yer maydoni haqida berilgan noto‘g‘ri ma’lumot yuzasidan Ekologiya vazirligi tomonidan bir oy oldin xizmat tekshiruvi tayinlangan edi. "Daryo" ixtiyorida mavjud hujjatga ko‘ra, tekshiruv natijasida tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i X. Abdurasulov intizomiy javobgarlikka tortildi.

Ma’lum bo‘lishicha, AQSh elchixonasi bilan chegaradosh ushbu maydon 2015–2016 yillarda fuqarolar tashabbusi bilan hashar yo‘li bilan bog‘ga aylantirilgan. Qarovsiz yer sanoat chiqindilaridan tozalanmagan, 350 ta yuk mashinasida tuproq to‘kilgan va taxminan 1500 ta manzarali hamda mevali ko‘chatlar ekilgan.

2025 yil 24 yanvarda tuman Ekologiya bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan xatlovda bog‘dagi 850 ga yaqin daraxt "Yashil bog‘" platformasiga kiritilgan.

Shunga qaramay, oradan bir oy o‘tib – 6 mart kuni – bo‘lim boshlig‘i X. Abdurasulov Toshkent shahar ekologiya boshqarmasiga ushbu yer "bo‘sh" ekani, daraxtlar mavjud emasligi haqida ijobiy xulosa taqdim etgan. Mazkur xulosa asosida maydon auktsion savdolariga chiqarilgan.

Xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra, X. Abdurasulovga hayfsan e’lon qilindi va o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima belgilandi.

    Boshqa yangiliklar