AsosiyDunyo
10742

Rafiqasining vafotidan keyin 6 farzandni yolg`iz o`stirgan erkakka omad kulib boqdi (foto)

31 yoshli omsklik Anton Kudryavsev olti farzandni yolg`iz voyaga etkazayotganligi bilan ommaga tanilgan edi, deb xabar berdi “Upa.club” nashri. 

Antonning rafiqasi saraton kasalligidan vafot etgandan keyin u olti nafar bola bilan yolg`iz qoldi. Anton bilan Anyaning uch nafar farzandi bor edi. Anyaga to`rtinchi farzandiga homilador bo`lganda saratonga chalingani ma`lum bo`ldi. Farzandlarini qutqarish maqsadida o`z jonini qurbon qildi va uch nafar egizakni dunyoga keltirgandan keyin vafot etdi.

Jurnalistlar yolg`iz o`zi olti farzandni o`stirayotgan Anton haqida ko`rsatuv tayyorlagandan keyin u butun Rossiyaga mashhur bo`ldi. Unga minglab ayollardan maktublar keldi. U ayollarning ba`zi birlari bilan uchrashib ko`rdi, ammo ularning oilaviy hayotga tayyor emasligi Antonning hafsalasini pir qildi.

Hozirda uning rafiqasiga aylangan Lyudmila ham hamma muxlisalari qatori unga xat yozgan edi. Maktubning ilk satrlariyoq uni o`ziga maftun qildi. Biroz xat yozishgandan keyin uchrashishga qaror qildi. Anton uchrashuvga bolalari bilan chiqdi.

Lyuda o`zining samimiyligi va mehribonligi bilan Anton va uning farzandlarini o`ziga rom etdi. Antonning qizlari Lyudmilaning qo`lidan tushishni istamadi. Katta o`g`li esa “Dada, shu ayolga uylaning, u juda yaxshi ayol ekan!” dedi.

Anton bilan tanishmasdan ilgari birinchi nikohidan o`g`li bo`lgan Lyudmila tush ko`rdi. Tushida u etti farzandni tarbiyalayotgan ekan. Ertasi kuni esa Anton haqidagi ko`rsatuvni ko`rgach, bu taqdir ekanligini tushunib, unga xat yozdi. 

“Avvaliga Antonga juda achinganimdan uning ko`nglini ko`taruvchi xat yozdim. Shu xatdan keyin yaqinroq tanishdik. U bilan tanishganimdan keyin o`zimni juda baxtli his qildim”, deb hikoya qiladi Lyudmila.

Lyudmila Omsk shahrida, Anton esa viloyat markazidan 90 kilometr uzoqlikda joylashgan Irtish qishlog`ida yashardi. Ammo masofa ularning munosabatlariga hech qanday ta`sir ko`rsatmadi. Lyudmila o`g`li bilan Antonning qishlog`iga ko`chib keldi.

Ular kamtarona to`y qilishdi. Ertasi kuni esa bolalarni buvisiga qoldirib to`y sayohatiga otlanishdi. Sayohatdan qaytgandan keyin ularni uyda yana bir syurpriz kutardi.  Ularning oilasi yana ikki farzandga ko`paydi!

Anton va Lyudmila uysiz, joysiz, giyohvandlar saqlanadigan reabilitasiya markazi xodimlariga yordam berayotganda markazning mijozlaridan biri bo`lgan ayol vafot etdi. Ayolning ikki farzandi qarovsiz qoldi, ularning hech kimi yo`q edi. Shunda Lyudmila Antonga ularni asrab olish taklifini berdi.

“Anton bilan  “bu bolalarga faqatgina biz yordam berolamiz”, degan qarorga keldik. Axir ettita bolani tarbiyalash bilan to`qqiz bolani tarbiyalashning orasida deyarli farq yo`q. Axir bir nechta bolani tarbiyalagandan ko`ra, yolg`iz bolani o`stirish qiyinroqdir”, deb izoh berdi Lyudmila.

Oila va farzandlar tufayli Lyuda o`z sevgan kasbini tashlashga majbur bo`ldi. Uning aytishicha, bu uning hayotidagi eng qiyin davr bo`lgan. Hozir u bayram, dam olish kunidan qat`i nazar erta tongda uyg`onadi. Oddiygina sho`rva tayyorlaganda ham atigi 5 litrgina tayyorlaydi.

“Ilgarilari yumushlarimni tugatishga ulgurmaslikdan qo`rqardim, ammo Anton menga yordamlashib, vaqtni to`g`ri taqsimlashni o`rgatdi, shundan keyin  dam olishga ham vaqtim qoldi”, — dedi Lyuda taassurotlari bilan o`rtoqlashib.

Oilaning o`z xo`jaligi, Antonning ta`mirlash brigadasi bor. Shunda ham oila moddiy tomondan qiynaladi. Bolalarning o`quv qurollarining o`ziga 9,5 ming rubl sarflandi!

“Mana hozir hech nimasi yo`q, kiyim-kechagi bo`lmagan ikki nafar bolani asrab oldik. Ular shu paytgacha mehr ko`rmagan, oddiy narsalardan ham hayratlanishadi, qo`liga konfet bersang ham o`zlarini juda baxtli his etishadi, hatto to`polon qilishni ham bilishmaydi”, deydi Anton.

“Yaqinda prezidentga mikroavtobus  so`rab, xat yozdim. Boshqa hududlarda ko`p bolali oilalarga  mikroavtobus ajaratilyapti, bizda esa nimagadir bu borada biror yangilik yo`q. Oilam bilan oddiy avtomobilga sig`maymiz”, deb davom etdi Anton.

Kattalar barcha muammolarni hal etayotganda bolalar baxtdan, quvonchdan entikib, yaqinda eshik qoqadigan Qorbobodan zo`r sovg`alar, mo``jizalarni kutmoqda.

Boshqa yangiliklar