27 aprel kuni Hindiston armiyasi ma’lum qilishicha, kecha tunda Hindiston va Pokiston qurolli kuchlari chegarada bir-biriga hujum qildi. Bu hujumlar Kashmirda sayyohlarga qarshi qilingan terrorchilik aktidan keyin keskinlashgan vaziyat fonida sodir bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Kashmirning Baysaran vodiysida noma’lum qurolli shaxslar sayyohlarga o‘q uzdi. Hujum oqibatida 25 dan ortiq sayyoh halok bo‘ldi. Mas’uliyatni Pokistonda faoliyat yurituvchi "Lashkar-ye-Toiba" (LeT) tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Hindiston hukumati hodisa uchun Pokistonni aybladi.
Pokiston axborot vaziri Atoulloh Tarar kecha bergan intervyusida mamlakat Hindistonning bosimlariga tayyor ekanini va o‘z hududiy daxlsizligini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
Xalqaro hamjamiyat esa vaziyatni barqarorlashtirishga da’vat etmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Said Abbos Arakchi Islomobod va Dehlidagi Eron vakolatxonalari orqali har ikki davlat bilan yaqin aloqa o‘rnatishga tayyor ekanini bildirib, "Hindiston va Pokiston aka-uka qo‘shnilardek asrlar davomida shakllangan madaniy va sivilizatsion aloqalarni tiklashi lozim", deb ta’kidladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa ushbu ziddiyatga aralashmasligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi murakkab munosabatlar tarixan davom etib kelgan va bu masalani ikki davlatning o‘zi hal qilishi lozim.
Bundan tashqari, Xitoy ham vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Pokiston tashqi ishlar vaziri Isxak Dar bilan telefon muloqoti chog‘ida Pekin Islomobodning terrorizmga qarshi kurashdagi qat’iy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Van I, shuningdek, Hindiston va Pokistonni toqatli bo‘lish va vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi.
Isxak Dar o‘z navbatida Pokiston xalqaro hamjamiyat, xususan Xitoy bilan yaqin aloqada bo‘lib, tinchlik yo‘lida harakat qilishini ma’lum qildi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Paxalgamdagi hujumchilarga "eng qattiq javob beriladi" deb yana bir bor ta’kidladi.
Ayni paytda esa dunyo siyosatchilar Hindistonning "ommaviy jazolash" siyosatini tanqid qilishmoqda. Ya’ni bir guruh terrorchilarni deb butun boshli aholi qatlamlaridan o‘ch olishga urinayotganini qo‘llab-quvvatlashmayapti.
Srinagar deputati Ruhulloh Mehdiy Kashmir aholisi "ommavimiy jazo"ga duchor bo‘layotganini aytdi. Shtatning sobiq bosh vaziri Mexbuba Mufti esa xavfsizlik kuchlarini "terrorchilar" bilan tinch aholi o‘rtasida farq qila olishga chaqirdi.
Abdulloh Sayyid