Kecha, 27 aprel kuni Turkiya Harbiy-havo kuchlarining harbiy transport samolyotlari Pokistonga yo‘l oldi. Bu haqda “The Daily Guardian” xabar berdi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytda Turkiyaning bir necha harbiy transport samolyotlari Pokistonga jo‘natildi. Ularning parvozi “Flightradar” xizmati tomonidan qayd etilgan.
Pokistonlik manbalar Turkiya Harbiy-havo kuchlarining 6 ta S-130 harbiy-transport samolyoti Islomoboddagi harbiy bazaga qo‘nganini da’vo qilmoqda.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaro Kashmirda 26 kishining hayotiga zomin bo‘lgan terakt ortidan avj oldi. 22 aprel kuni bir guruh qurollangan jangarilar sayyohlarga hujum qilgan.
Hindiston hukumati fojia ortida rasmiy Islomobod turganini iddao qilmoqda. Hindiston diplomatlari mamlakatdan chaqirib olindi va chegarada muntazam otishmalar boshlandi.
Pokiston Hindiston bilan chegaraga harbiy texnikani ko‘chirishni boshladi: Hindiston chegarasidan 80 km uzoqlikda Haqiqiy nazorat chizig‘i tomon Pokiston armiyasining o‘nlab SH-15 155 mm o‘ziyurar qurollari aniqlandi.