O‘zbekiston ochiq ma’lumotlar yo‘nalishida yana bir muhim yutuqqa erishdi. “Open Data Inventory” (ODIN) xalqaro reytingida 2024 yil uchun e’lon qilingan yangilangan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘zbekiston 198 ta davlat orasida 83 ball to‘plab, 12-o‘rinni egalladi. Bu natija bilan mamlakat Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni saqlab qoldi.
“ODIN” reytingi nima?
“Open Data Inventory” (ODIN) reytingi rasmiy statistik ma’lumotlarning ochiqligi va qamrov darajasini baholaydi. Reytingni tuzishda ma’lumotlarning foydalanuvchilar uchun ochiqligi, ularni qanday formatda taqdim etilayotgani va qanchalik to‘liq ekani inobatga olinadi.
O‘sishga nimalar sabab bo‘ldi?
2023 yilda O‘zbekiston 70 ball bilan 30-o‘rinda edi. Ya’ni mamlakat bir yil ichida 18 pog‘onaga yuqoriladi. Bunday katta skatning asosiy sabablari quyidagilar hisoblanadi:
— Ma’lumotlarni hududlar, tarmoqlar va yillar kesimida e’lon qilish;
— Oxirgi 5–10 yillik ma’lumotlarning dinamik qatorlarda taqdim etilishi;
— Viloyat va tuman darajasidagi ko‘rsatkichlarni jamoatchilikka yetkazish;
— Metama’lumotlar bilan boyitilgan ochiq ma’lumotlar;
— Fayllarni turli formatlarda yuklab olish imkoniyati.
SIAT – yangi statistika platformasi
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan va faoliyat yuritayotgan SIAT (Statistika integrallashgan axborot tizimi) bu yutuqda katta rol o‘ynadi. Bugungi kunda ushbu platforma orqali 2 900 dan ortiq ko‘rsatkichlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida, beshta turli formatda, bepul taqdim etilmoqda.
“Open Data Watch” tashkiloti “SIAT” tizimining imkoniyatlarini ijobiy baholagan va bu O‘zbekistonning “ODIN” reytingida yuqori natija qayd etishiga turtki bergan.
O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi natijalari:
— 2017 yil: 180 davlat ichida — 167-o‘rin (18 ball)
— 2018 yil: 178 davlat ichida — 168-o‘rin (19 ball)
— 2020 yil: 187 davlat ichida — 44-o‘rin (63 ball)
— 2022 yil: 192 davlat ichida — 40-o‘rin (66 ball)
— 2023 yil: 195 davlat ichida — 30-o‘rin (70 ball)
— 2024 yil: 198 davlat ichida — 12-o‘rin (83 ball)
Bu o‘sish so‘nggi yillarda statistik ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligiga qaratilgan islohotlar samarasi ekani ta’kidlanmoqda.