AsosiySalomatlik

Astma nega aynan bahorda kuchayadi?

Barchani qiziqtirgan mazkur savolga mutaxassis javob berdi.

'Astma nega aynan bahorda kuchayadi?'ning rasmi

So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitdagi allergenlar ko‘payishi va genetik omillar tufayli nafas yo‘llari xastaliklari, xususan, bronxial astma bilan kasallanish holatlari oshmoqda. Ayniqsa, bahor-yoz oylarida bu xastalik ko‘plab bemorlar hayotini izdan chiqaradi.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya markazi pulmonologi Xayrullo Rajabov bilan intervyu tashkil etdi. Mutaxassis mavsumiy astma xurujlariga sabab bo‘ladigan omillar, kasallikni erta aniqlash va oldini olish choralarini sanab o‘tdi.

Astmaning xavfli pallasi – bahor

Bronxial astma — bu nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishidir. Butun dunyo aholisining o‘rtacha 5 foizida, bolalar orasida esa 10 foizgacha uchraydi, — deydi R. Rajaxov. — Kasallik, ayniqsa, bahor va kuz oylarida avj oladi. Quruq yo‘tal, nafas siqilishi, ko‘krakda og‘irlik va hansirash kabi simptomlar bilan kechadi.

Xurujlar odatda tunda yoki erta tongda yuz beradi va dorilar ta’sirida qisqa fursat ichida yengillashadi.

Xurujlarga nima sabab bo‘ladi?

Astmani qo‘zg‘atuvchi asosiy omillar:

• genetik moyillik;

• chang, gulchang, hayvon yungi kabi uy va tashqi allergenlar;

• sigaret tutuni;

• respirator infeksiyalar;

• bahorgi gullash mavsumi;

• ayrim dori va ovqatlar.

Muhit va ehtiyot chorasi

Shifokorlar astmani nazoratda ushlash uchun quyidagilarga amal qilishni tavsiya etadi:

• xona havosini muntazam almashtirish;

• changdan tozalovchi uskunalar ishlatish;

• namlagichlardan foydalanish;

• optimal harorat va namlikni saqlash;

• allergenlar bilan aloqani cheklash;

• junli gilam, allergik yostiq-ko‘rpa, suvarak va hasharotlardan voz kechish;

• to‘g‘ri ovqatlanish tartibini yo‘lga qo‘yish.

Astma nazorat ostida bo‘lishi mumkin

Kasallikni erta aniqlash va shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish orqali astma bilan to‘liq va sifatli hayot kechirish mumkin, deydi mutaxassislar.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorlarni profilaktika va doimiy nazorat ostida bo‘lishga chaqirmoqda.

    Boshqa yangiliklar