Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yuritgan qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish va ularni sotish bilan shug‘ullangan yashirin sex faoliyatiga barham berildi. Bu haqda “Darakchi.uz” Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan ijaraga olingan Toshkent tumanidagi xonadon ko‘zdan kechirilganda, u yerda noqonuniy dori vositalari ishlab chiqarilgan va sotilgan.
Yashirin sexda xavfsizlik talablari va hujjatlarsiz tayyorlangan 49 turdagi jami 594 127 dona “Fusis”, “Prosulpin”, “Ursosan”, “Arbidol” va boshqa nomdagi dorilar, shuningdek, 50 ta uskuna, xomashyo, etiketa, kapsula va qadoqlash materiallari topilib, daliliy ashyolar sifatida rasmiylashtirildi.
Shuningdek, gumonlanuvchining Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi uyi ham ko‘zdan kechirilib, u yerdan 28 640 dona dori vositasi, 75 dona ampula, 46 dona suyuqlik, 18 280 dona nomsiz suppozitoriy va boshqa noqonuniy dorilar hamda ularni tayyorlashga mo‘ljallangan qoliplar aniqlanib, olib qo‘yildi.
Tergovga qadar tekshiruvlarda ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi dorilarni tayyorlash uchun xomashyolarni internet orqali noma’lum shaxslardan xarid qilgan. Tahlillarga ko‘ra, musodara qilingan mahsulotlar va uskunalarning umumiy qiymati 10 milliard so‘mga teng.
Aniqlanishicha, qalbaki dorilar Toshkent va Buxoro viloyatlaridagi ayrim dorixonalarga ham tarqatilgan. Hozirda ularning savdosiga chek qo‘yilgan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-prim-3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tadbirda Toshkentda yashovchi 1992-yilda tug‘ilgan shaxs va uning sherigi – bank xodimi, 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro, Xitoydan olib kelingan 798 quti (574 560 dona) infuzion tizimlarni 55 700 AQSh dollariga sotayotgan paytda qo‘lga olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, umumiy qiymati 1 milliard so‘mlik tibbiy buyumlar foydalanish uchun yaroqsiz hisoblanadi. Ularning saqlanishi, sotilishi va tibbiyotda qo‘llanilishi taqiqlangan.
Mazkur holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.