Namangan shahrida attestatsiyadan o‘tuvchi pedagoglarga masofadan turib noqonuniy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan “bunker” faoliyati aniqlanib, to‘xtatildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Davlatobod tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari, Namangan davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i, bo‘lim mutaxassisi va ularning sheriklari o‘zaro til biriktirib, malaka toifalarini belgilash uchun o‘tkazilgan attestatsiyaga oid test sinovlarida o‘qituvchilarga moddiy manfaat evaziga yordam ko‘rsatib kelganliklari aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida “bunker” sifatida foydalanilgan xonadon ko‘zdan kechirildi. Unda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar o‘qituvchi aniqlanib, bir nechta noutbuklar, 30 dona turli eshitish moslamalari, yashirin kameralar, 8 dona Wi-Fi router va boshqa texnik vositalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur shaxslar viloyatdagi bir qator o‘qituvchilardan imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishni va’da qilgan holda 1300–1500 AQSh dollari miqdorida pul talab qilib, faqat 2024-yilning sentyabr–oktyabr oylarida 25 ming dollardan ortiq mablag‘ yig‘ib olganliklari ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, maktab direktori o‘rinbosari hamda “bunker”ni boshqargan 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro avval ham xuddi shunday jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar hisoblanadi.






